Mutaxassislar ogohlantirdi: ochiq oynalar avtomobil yonilg‘icini ko‘proq sarflaydi

Ko‘pchilik haydovchilar yonilg‘ini tejash maqsadida konditsionerni o‘chirib, oynalarni ochib harakatlanishni afzal ko‘radi. Biroq mutaxassislar bu usul aksincha, ko‘proq xarajat va salomatlik uchun xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda.
Oynalar ochiq bo‘lganda avtomobilning aerodinamikasi buziladi. Havo oqimlari turbulentlik hosil qilib, transport vositasining harakatlanishiga qarshilik ko‘rsatadi. Natijada avtomobil bir xil tezlikni saqlab turish uchun ko‘proq energiya sarflaydi va yonilg‘i iste’moli ortadi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, 120 km/soat tezlikda ochiq oynalar bilan harakatlanish yonilg‘i sarfini taxminan 0,5 litrga oshiradi. Ayrim holatlarda bu konditsioner ishlatish xarajatidan ham yuqori bo‘lishi mumkin. 90 km/soatdan past tezlikda esa qo‘shimcha sarf kamroq kuzatiladi.

Mutaxassislar konditsionerni uzoq vaqt ishlatmaslik ham texnik muammolarga sabab bo‘lishini ta’kidlamoqda. Chunki tizim tarkibidagi kompressor, kondensator va boshqa qismlar doimiy aylanib turuvchi freon hamda moy hisobiga ishlaydi. Uzoq muddat ishlatilmagan holatda moy quriydi, tizim germetikligini yo‘qotishi va zang paydo bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, ishlatilmay qolgan konditsionerda yoqimsiz hidlar paydo bo‘ladi. Bug‘latkich qismida bakteriyalar, zamburug‘lar va zararli mikroorganizmlar ko‘payib, nafas yo‘llari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun uni vaqti-vaqti bilan tozalash va dezinfeksiya qilish tavsiya etiladi.

Ochiq oynalarning yana bir xavfi — havodagi chang va chiqindi gazlardir. Yo‘l changi tarkibida inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan kanserogen moddalar uchraydi. Avtomobil chiqindi gazlari esa bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va nafas yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Mutaxassislar avtomobil salonini tashqi ta’sirlardan himoya qilish uchun oynalarni yopiq holda saqlash, konditsionerdan foydalanish va sifatli uglerod filtri o‘rnatishni tavsiya etadi. Bu nafaqat changni, balki zararli gazlarni ham ushlab qolishga yordam beradi.





























Izohlar 0
…