01:14 / 02.08.2018
5 732

Ollohga “ishim tushgan” kun

Ollohga “ishim tushgan” kun
Ollohga eng birinchi marta “ishim” to‘qqizinchi sinfda o‘qiyotganimda tushgan. Ungacha Yaratganga bir narsa deb yalinganimni eslay olmayman.

Paxta payti edi. O‘zimizning dalalarda hosil kamayib, qo‘shni birgadaga yordamga olib chiqishdi. Ertalab va kechda salqin turadi. Shuning uchun onam uvadasi chiqib yotgan bir kamzulni yelkamga tashladi. To‘g‘risi, kiyishga uyaldim. Ammo onamga “yo‘q” deb bo‘ladimi, kaltak yeb qolishim mumkin. “Xo‘p” deb eski kamzulni kiydim-u, lekin bildirmasdan maktabga kiyadigan kastimimni partikni ichiga yashirib olib chiqdim. Keyin ko‘chaga – onamning ko‘zi yetmaydigan joyga borganda alishtirib oldim.

Shu bilan paxta dalasiga kirib ketdik. Quyosh ko‘tarilib kun isigach, kastimni yechib, eskisiga o‘rab, egatga qo‘ydim. Keyin belgi bo‘lishi uchun chekankadan chetda qolib, bo‘yim baravar g‘ovlagan baland bir g‘o‘za poyasiga paxta tolasini ildirdim.

Paxta zo‘r, qiyg‘os ochilib yotibdi. Zavq bilan basma-basiga teramiz. Aniq eslayman, o‘sha kuni bir yuz yetti kilo terganman. Ungachayam, undan keyinam buncha terolmaganman.

Keyin kech bo‘lib, hamma qaytish taraddudini ola boshladi. Men ham oxirgi paxtamni torozidan o‘tkazib, tilichkaga topshirdim. So‘ng kiyimlarimni olaman deb dalaga qaytdim. Lekin paxtadan belgi qo‘yganim egat yo‘q-da! Belgiyam yo‘q, egatam yo‘q. Taxmin olib yugurib izlay boshladim. Katta dala. Atrofni qorong‘ulik qoplab boryapti. Uning ustiga tilichkaning ustidagi jaykunchi “kelinglar-oooo!” deb baqirib, battar shoshiradi.

Endi nima qildim?! Onamga nima deyman?! Maktab ochilganda nima kiyib boraman?!

Shunga o‘xshagan o‘ylar ichimni tirnaydi. Kambag‘alchilik, bir kiyim titilib ado bo‘lguncha yoki bo‘y o‘sib sig‘may qolguncha kiyiladi...

Qorong‘ulik bilan birga ichimga qo‘rquv ham yopirilib kela boshladi. U yoqqa yuguraman, bu yoqqa yuguraman, ammo, qani, kastim o‘lgur topilsa?! Borgan sari umidim uzila boshladi. O‘kirib yig‘lagudek holga keldim. Shunda...

Shunda Ollohim menga O‘zini eslatdi. O‘ziga ming-milyon marta shukurlar bo‘lsin-yey! Tepamdan dilgir bo‘lib, zir yugurayotganimni ko‘rib-kuzatib turgan Rabbimning go‘dakkina bandasiga rahmi keldi – O‘zini eslatdi. Lop etib, miyamda Olloh topib bermasa, o‘zim topolmayman, degan fikr charaqladi. Cho‘k tushdim. Boshqalar ko‘rib qolishidan uyalib, boshimni yana ham pastroq egdim. Qo‘limni ko‘tarib, O‘ziga yolvora ketdim. Boshqa choram yo‘q edi. O‘shanda aynan nimalar deb iltijo qilganimni eslay olmayman. Ammo o‘zimning tilimda Uni taniganimcha so‘radim. Lekin ishonib so‘radim. Qat’iy so‘radim. Yalinib-yolvorib so‘radim. Go‘yoki hayot-mamot masalasini so‘raganday so‘radim.

O‘ziga hamdu sanolar bo‘lsin! O‘rnimdan turib ikki qadam tashlar-tashlamas, yerda yoyilib yotgan ikkala kamzulimga ham ko‘zim tushdi. Kimlardir o‘ynab otib yuborgan, shekilli-da. Darhol oldim-u moshinaga qarab yugurdim. Xursand bo‘lganimdan Rabbimga rahmat aytishni ham unutgan bo‘lgan bo‘lishim mumkin o‘shanda. Ammo bir narsani anglagan edim: Olloh bor, U hamma narsani ko‘rib-bilib turadi. Lekin bu anglamimni hech kimga aytganim yo‘q. Uydagilarga kastimni kiyib ketganimni bilsa, koyishadi, deb aytmadim. Do‘stlarga esa, ustimdan kuladi deb. Chunki bizga Xudo yo‘q deb ozmuncha uqtirisharmidi?

Keyinchalik ham Egamni rostakamiga taniganimga qadar bir necha marta yolvorishimga to‘g‘ri kelgan. Ammo hamma so‘raganlarimniyam olavermaganman...
Abdug‘afur ISKANDAR

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ollohga “ishim tushgan” kun