00:30 / 28.08.2018
5 632

Munajjimlar bashorati: 28 avgust kuni yulduzlar Sizga nimalarni vaʼda qilmoqda?

Munajjimlar bashorati: 28 avgust kuni yulduzlar Sizga nimalarni vaʼda qilmoqda?
QOʻY (21. 03 — 20. 04)

28 avgust kuni ham dam olish, ham ishlashga vaqt ajrata olasiz. Basharti oilangizda kichik bayram tashkil etilgan boʻlsa, unga ham vaqt topa bilasiz. Bunga sizdagi kuch-quvvatning haddan ziyod koʻpligi imkon yaratib beradi. Hech bir ishda shubhaga bormang, ikkilanmang. Faqat oldinga qadam tashlang. Moliyaviy masalada muvaffaqiyatlaringiz ellikka ellik boʻlishi kutiladi. Yaʼni, boyib ham ketmaysiz, pulsiz ham qolmaysiz. Harqalay oʻzbekchasiga aytganda, qora qozon qaynab turadi. Shunisiga ham shukr.

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)

Istaklaringiz dunyocha bor. Orzularingiz Tinch okeaniga olib borib toʻkilsa, sigʻmaydi. Shuning uchun alohida daftarga ularning roʻyxatini tuzib chiqing. Haqiqatga aylanganini oʻchirasiz. Bu sizga har qanday chalkash vaziyatlarda ham omadga erishishda yordam beradi. Oilangizdagilardan kimdir sizni arzimagan gap bilan ranjitishi mumkin. Bunga eʼtiborsiz boʻlishga harakat qiling. Koʻnglingiz ogʻrishiga yoʻl qoʻymang. Kechqurun toza havodan toʻyib-toʻyib nafas oling, bu arazlar, xafagarchiliklardan xalos boʻlishda yordam beradi.

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)

28 avgustda atrofdagilar bilan munosabatlarda juda ehtiyot boʻling. Ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan xotirjam boʻlishingiz xuddi shu munosabatlarga bogʻliq boʻlib turibdi. Birovlarga ulardan koʻra aqlliroq ekaningizni isbotlashga urinmang. Aksincha, ilgari kimlar bilandir aytishib yo janjallashib qolgan boʻlsangiz, yarashish, orangizda yana garmoniya hukm surishiga erishish niyatida boʻling. Sportning ogʻir turlari bilan shugʻullanish bugun sizga yaxshilik olib kelmaydi. Kechqurun ayrim doʻstlarimizning xonadoniga mehmonlar tashrif buyurishi mumkin.

QISQICHBAQA (22. 06 — 23. 07)

Yulduzlar bugun sizga yettinchi osmonlarda parvoz qilishni, osmon-u falakda hashamatli qasr bunyod etishni vaʼda qila olmaydi. Kuningiz anchagina ogʻir kechishi ehtimolga yaqin. Qora terga botib ishlashingizga toʻgʻri keladi. Ammo kechqurunga borib qilgan mehnatingiz samarasini oʻz koʻzingiz bilan koʻrasiz. Kissangiz pulga toʻlganda, kun boʻyi qiynalganlaringiz bir zumda unut boʻladi. Kun davomida hasadgoʻy va ichi qora, ikkiyuzlamachilardan nari boʻling.

ARSLON (24. 07 — 23. 08)

28 avgust kuni oʻzingizni hurmatlaydigan, qadrlaydigan insonlarga siz ham xuddi shunday javob qaytaring. Tanqidlarni, tanbehlarni yigʻishtiring. Ish ham keragicha topiladi. Lekin ular orasidan eng daromadlisini tanlang. Buning uchun ixtiyoringizda qulay imkoniyatlar koʻp. Agar ulardan vaqtida foydalanib qola bilmasangiz, ertaga kech boʻladi. Salomatlikni mustahkam saqlash niyatida boʻlsangiz, bugun koʻproq piyoda yoʻl bosing. Qon yurishadi, tomirlar kengayadi, siz chuqur-chuqur nafas ola boshlaysiz. Demak, organizmingiz dam oladi.

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)

Yulduzlar parizod burji ostida tavallud topgan insonlarga biznes bilan shaxsiy hayotni aralashtirib yubormaslikni maslahat berishadi. Aks holda hamma ishlar chalkashib ketadi. Chalkashlik esa oqibatda inqirozga olib boradi. Muhabbatda qisqagina vaqt haqiqiy garmoniyani his etishga musharraf boʻlasiz. Lekin bu qisqa, uzoq davom etmaydi. Kunning ikkinchi yarmida sizda qasdi bor tuhmatchilar birdan halovatingizni buzishga urinishi mumkin. Sukut saqlang. Tuhmati oʻziga urib ketadi.

TAROZI (24. 09 — 23. 10)

28 avgustda ehtiroslar, jumboqli lahzalar, bahs-munozaralar sizni rosmanasiga charchatishi kutiladi. Telefon qoʻngʻiroqlarini aytmaysizmi. Gohida shunaqasi ham boʻlib turadi. Ovqatlanishda juda sinchkov boʻling. Yogʻli taomlarga talpinmang. Ayniqsa, ortiqcha vazndan qutula olmay yurganlarga yogʻli ovqatlar, shirinliklar zahar boʻlib koʻrinishi lozim. Oʻzingizni shunga tayyorlay biling. Foydasini keyin koʻrasiz. Kechqurun baʼzilar doʻstlari bilan birgalikda kafeda oʻtirib suhbat qurishi mumkin.

CHAYON (24. 10 — 22. 11)

Kuningiz romantik tarzda boshlanadi. Faqat bu yoqimli lahzalar kechga qadar saqlanib qolmasligi yomon. Shaxsiy hayotingizda ham ayrim yoqimsiz lahzalarga koʻz yumish tavsiya etiladi. Aniqrogʻi, qandaydir kimsa sizga hadeganda qoʻngʻiroq qilib, juftingizning rashkini qoʻzgʻatishi mumkin. Moliyaviy muammolarni ijobiy hal etish uchun oldindan rejani puxtalab oling. Koʻproq daromad koʻrishni xohlasangiz, yangi gʻoyalar oʻylab toping.

OʻQOTAR (23. 11 — 21. 12)

28 avgust kuni kayfiyatingiz aʼlo boʻlishi kutilmoqda. Buni atrofdagilarga nisbatan iliq munosabtingizda ham koʻrsa boʻladi. Kun mobaynida shaxsiy hayotdagi tashvishlar ishlaringiz bilan qorishib ketishi mumkin. Bunday lahzalarda har qanday odam ham esankirab qolishi tayin. Agar bu holatni xotirjamlik bilan almashtirsangiz, oʻzingizga foyda. Juftingiz bilan bugun aslo tortishmang. Undan koʻra moʻmayroq daromad olish yoʻllarini qidiring. Kechqurun yolgʻiz qoling. Asablaringizga dam bering.

TOGʻ ECHKISI (22. 12 — 20. 01)

Yulduzlar buguningiz ancha zerikarli kechishini bashorat qilgan. Orzularingiz judayam yorqin, lekin koʻplab imkoniyatlar eshigi yopiq. Oilasizlar tezroq sevilishni istay boshlashadi. Baʼzilar kunning ikkinchi qismiga borib bu istaklarini haqiqatga aylantirishlari ham ehtimoldan xoli emas. Ayrimlar kechki payt uy taʼmiri bilan band boʻlishlari mumkin. Bugun moddiy jihatdan ahvolingiz aʼlo darajada boʻlmasligi aniq. Ammo pulga qiynalib ham qolmaysiz.

QOVGʻA (21. 01 — 19. 02)

28 avgustda qovgʻa burji ostida tugʻilganlarning pul masalasidagi ishtahasiga tan bermay iloj yoʻq. Ular pullar dengiziga shoʻngʻib faqat suzish bilan cheklanmoqchi emaslar. Millionlab, milliardlab dollarlar toʻlqinlari ostida qolib ketishni xohlashadi. Xudo niyatingizga yetkazsin. Bugun jismoniy va ruhiy zoʻriqishlardan nihoyatda ehtiyot boʻling. Ishda ham shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻymang. Hammasi oʻz vaqt-soatida yakun topaveradi.

BALIQ (20. 02 — 20. 03)

Ertalaboq oldingizga aniq bir maqsadni qoʻying. Faqat maqsad ezgulikka qaratilgan boʻlsin. Shundagina pulingiz ham koʻpaya boradi, mavqeingiz mustahkam torta boshlaydi. Muhabbatda oilasizlar tanlagan insoni ustidan hukmronlik qilishni xayoliga ham keltirmaganlari maʼqul. Bu narsa ikki oʻrtadagi munosabatlarga nuqta qoʻyishi hech gap emas. Ayrimlar kunning ikkinchi yarmida bosh ogʻrigʻi, varikoz kabi yoqimsiz holatlardan bezovta boʻlishi mumkin.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: 28 avgust kuni yulduzlar Sizga nimalarni vaʼda qilmoqda?