Olimlar yosh o‘tishi bilan xotira nega susayishini aniqladi

Olimlar yosh o‘tishi bilan xotira nega susayishini aniqladi

Olimlar inson yoshi kattalashgani sari xotira nima uchun susayishini tushuntiruvchi yangi dalillarga ega bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu jarayon oddiy unutuvchanlik bilan cheklanmaydi.

Tadqiqotchilarning fikricha, yosh o‘tishi bilan miya muayyan voqealarni aniq detallari bilan qayta tiklash o‘rniga, o‘xshash xotiralarni umumiy kategoriyalarga birlashtira boshlaydi. Shu sababli odam voqeaning o‘ziga xos tafsilotlarini eslashda qiynalishi mumkin.

Bu jarayonda gippokamp muhim rol o‘ynaydi. U epizodik xotiralarni saqlash va esga tushirishda ishtirok etadi. Biror voqeani xotirlaganda miya avval shakllangan neyron bog‘lanishlarni qayta faollashtiradi.

Bingxemton universiteti olimlari 61 nafar ko‘ngilli ishtirokida tadqiqot o‘tkazdi. Ular turli yosh guruhlariga — 18–30, 50–60 va 61–74 yoshdagilarga bo‘lindi. Ishtirokchilarga juft holda yuzlar ko‘rsatilib, ularni eslab qolish va keyinchalik tanib olish vazifasi berildi. Bu jarayonda ularning miya faoliyati funksional MRT orqali kuzatildi.

Natijalar yosh ishtirokchilar muayyan detallarni aniqroq eslay olganini ko‘rsatdi. Keksa ishtirokchilar esa umumiy o‘xshashlikni to‘g‘ri anglagan bo‘lsa-da, ayrim tafsilotlarni adashtirgan.

Tadqiqotda yoshlar berilgan juftliklarni 36 foiz holatda to‘g‘ri aniqlagan bo‘lsa, katta yoshli ishtirokchilarda bu ko‘rsatkich 20 foizni tashkil etgan. Miya faoliyatidagi farqlar xotiraning yoshga bog‘liq pasayishining taxminan 30 foizini izohlagan.

Olimlar bu holatni xotiraning butunlay «o‘chib ketishi» emas, balki miyaning ma’lumotlarni umumlashtirishga moyilligi bilan bog‘lamoqda. Ularning ta’kidlashicha, umumlashtirish inson uchun foydali qobiliyat bo‘lib, muammo yosh o‘tishi bilan aniq detallarni ajratish qiyinlashganda yuzaga keladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar