17:30 / 06.09.2018
5 848

“Muhabbat daraxti” foto-testi orqali oʻzingizga munosib insonni tanlang!

“Muhabbat daraxti” foto-testi orqali oʻzingizga munosib insonni tanlang!
Qizlarjon, suratlarga diqqat bilan razm solib, koʻnglingizga yoqqanini tanlang-da, taʼrifga koʻz yugurtiring. Foto-testimiz orqali feʼl-atvoringiz va sizga munosib inson haqida kerakli maʼlumotlarni bilib olasiz.

1. Romantikaga oshuftasiz!

Kuchli, dadil va jurʼatlisiz. Koʻnglingizning bir burdida shunday xos joy borki, u romantika va nafis tuygʻularni istaydi. Oʻzingizga boʻlgan ishonch, qatʼiyat va yetti oʻlchab bir kesishingiz omadingiz garovi. Garchi kishilar bilan til topishishingiz biroz mushkul boʻlsa-da, tanlov pallasida oʻzingizni yoʻqotib qoʻymaysiz. Qarama-qarshi jins vakillarining eʼtiborini qozonish uchun makr kabi “qurol”lardan foydalanishga choʻchimaysiz. Odatda bu usullaringiz munosabatlaringizni yanada mustahkamlaydi. Yigitlar sizni ishonchli va qatʼiyatli qiz sifatida qabul qilishadi. Kundalik muammolar munosabatlaringizga sovuqchilik tushurishiga yoʻl qoʻymaysiz. Feʼl-atvori sizga oʻxshagan inson bilan baxtli yashaysiz. Kasb-koriga kelsak, siyosatchi, notiq, rejissyor va oʻz sohasida yetakchi yigit bilan uzukka koʻz qoʻygandek mos tushasiz.

2. Kuchli insonga suyanishni istaysiz!

Ehtiyotkor, rejali, tadbirkor va tirishqoq… Bu roʻyxat uzoq davom ettirilsa-da, fazilatlaringizning adogʻiga yetish mushkul. Siz atrofdagilarning nogʻorasiga oʻynaydiganlar toifasidan emassiz va soxta obroʻ-eʼtibor izidan quvmaysiz. Biroq taʼsirchanlik, palapartishlik kabi odatlaringizdan xalos boʻlish fursati yetdi. Masʼuliyatni boʻyningizga olishni oʻrgansangiz, katta yutuqlarga erishasiz. Yigitlar bilan munosabatlaringiz reja asosida, bosqichma-bosqich rivojlanishini istaysiz. Feʼlingizdagi barqarorlik atrofdagilarda, xususan yigitlarda ishonch tuygʻusini uygʻotadi. Hayotingizni mehribon, doim qoʻllab-quvvatlashga tayyor, kuchli inson bilan bogʻlasangiz, yanglishmaysiz. Boʻlajak juftingiz hisobchi, bank xodimi, muhandis yoki quruvchi boʻlsa, nur ustiga aʼlo nur.

3. Yuragingizga quloq tutasiz!

Sodda, ochiqkoʻngil va samimiy insonsiz, shu tufayli koʻnglingiz doim joʻshqin kechinmalarni xohlaydi. Odatda boshqalarning fikrini diqqat bilan eshitsangiz-da, hal qiluvchi qarorni istaklaringizga asoslanib qabul qilasiz. Turli janjal va koʻngilsizliklardan qochish borasida mahoratlisiz. Tanlov chogʻida ixtiyoringizni oʻzingizga suyanchiq boʻla oladigan kuchli shaxsga berasiz. Qalbingiz muhabbat va yoqimli tuygʻularga limmo-lim. Ularni kundalik muammolar soʻndirib qoʻyishidan ehtiyot boʻling. Sportchilar, harbiylar bilan chiroyli juftlik hosil qilasiz.

4. Moslashmaysiz, moslashtirasiz!

Siz tartibli, boshlagan ishini oxiriga yetkazmay qoʻymaydigan kishilardansiz. Qoidalaringizdan sira chetga chiqmaysiz. Feʼlingiz ancha bosiq boʻlsa-da, oʻzingizni xafa qildirib qoʻymaysiz. Atrofdagilar bilan munosabatlaringizni qadriga yetganingiz tufayli tanish-bilishlaringiz, dugonalaringiz bisyor. Yigitlar bilan munosabatlarda esa birinchilikka intilasiz. Agar ustunlikka erisha olmasangiz, teng huquqli sherik rolini ham qabul qilishingiz mumkin. Aslida sizga falon kasb egalari munosib deb aytish mushkul. Chunki kim boʻlishidan qatʼi nazar koʻnglingizdagi insonni tarbiyalab olishga qodirsiz. Mustahkam iroda sohibini uchratsangiz, xech ikkilanmay rozi boʻlavering. Bunday yigit bilan tengi yoʻq juftlikka aylanasiz.

5. Arazingiz ochilmaydi!

His-tuygʻuga beriluvchansiz, lov etib yonib, puf etib oʻchishingizni tan oling. Munosabatlarda esa sirliligingiz va maftunkorligingiz bilan qarama-qarshi jins vakillarining eʼtiborini qozonishga intilasiz. Vaqti-vaqti bilan arazchiligingiz tutib qoladi. Lekin achchiq ustida qaror qabul qilmaysiz. Umr yoʻldosh sifatida ogʻir-vazmin, feʼl-atvori barqaror kishini tanlasangiz, afsuslanmaysiz. Huquqshunos, advokat, diplomat yoki uchuvchilar siz uchun munosib tanlov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Muhabbat daraxti” foto-testi orqali oʻzingizga munosib insonni tanlang!