12:21 / 12.09.2018
6 141

Xorijlik kelin… (Voqea real hayotdan olingan)

Xorijlik kelin… (Voqea real hayotdan olingan)
Qishloq, baribir, shaharga oʻxshamaydi. Ayniqsa, uylanish, uzatilish bobida qishloqdagilar boshqacharoq yoʻl tutishadi. Birontaning bolasi qayoqdadir oʻris yoxud boshqa bir millatning qiziga uylanib kepti, deyishsa bormi, katta-yu, kichikka xudo beradi. Boʻy yetib-yetmagan qizchalar “xorij”lik kelinning qanaqangi boʻyanishi-yu, oyogʻiga qancha tovonli poyafzal kiygani bilan qiziqishsa, momoxonlar uning roʻmol oʻramagani, ustiga-ustak kaltagina yubka kiyib olganini koʻrib: “Voy-y, betingdan buzilgu-ur, anavi murdaday oqargan oyoqlariga hech boʻlmasa latta-putta tashlab olsa oʻlarmikan?!” — deya burnilarini jiyirishadi…

Yoʻq… Bu ham mayliydi… Qodir ota bunaqangi mayda-chuyda gap-soʻzlarga qoʻl siltab qoʻya qolardi… Masjiddagi chollar qoʻymayapti… Axir nima boʻlgandayam, mahalla-koʻychilik!.. Manaman degan Sadir qorilar bilan bir tovoqdan osh yesa, bir joynamozda oʻtirib namoz oʻqisa-yu, oʻzboshimcha oʻgʻli Umrzoqni tiyib qoʻyolmasa… Armiyaga ketayotganda qancha tayinladi. “Hoy, oʻgʻlim, u yerlar begona yurt, tagʻin shaytonning gapiga kirib bitta-yarimta oʻris qiziga uylanib qoʻymagin. Undaylar qarigan chogʻingda xor qiladi. Kelganingdan keyin enang ikkovimiz maslahatlashib Moʻmin buvangning qiziga uylantirib qoʻyamiz. Sokina ja koʻhlik qiz boʻlgan… Oʻzing bilasan-ku!..” — deyaverib jagʻida-jagʻ qolmadi… Qayoqda… Koʻngli sezgan ekan… Oʻgʻlim armiyadan keldi, deb yuragini hovuchlagancha koʻchaga chiqsa, Umrzogʻi tushmagur bir qoʻlida jomadon, ikkinchi qoʻlida sap-sariq oʻris qizni yetakla-ab kelyapti-ya!.. Voy, endi nima qiladi?.. Dardini kimga aytadi?.. Mahallaga qanday tushuntiradi?.. Bu shoʻring qurgʻur Natashasi na til bilsa, na supur-sidir qoʻlidan kelsa!.. E, ahmoq, hech boʻlmasa, til oʻrgatib, keyin opkelsang oʻlarmiding?! Ish oʻrgatish boʻlsa, enangni oʻzi bir marta ogʻilxonaga sudraklab kirgandayoq mulla qip qoʻyardi…

Qodir ota darvoza hatlab ichkariga kirdi-yu, qotib qoldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, oʻris kelini ikkala soni lang ochiq yerga engashgancha sochini yuvar, Umrzoq esa uning boshiga suv quyib turardi….

* * *

Qodir ota “kelini”ning bu qiligʻidan ensasi qotib indamay ichkari uyga kirib ketdi. Umrzoq sezdi. Harqalay, “eski” odam-da, otasi. Hozirgi yoshlarni qayoqdanam tushunsin…

— Sengayam boshqa joy qurib ketganmidi bosh yuvishga? — norozi ohangda gʻudranib qoʻydi Umrzoq qoʻlidagi quruq choynakni bir chetga irgʻitib.

— Chto, chto?.. — Natasha oʻzbekchaga tushunmay yelka qisdi, — Tы mojesh govorit po russki? — Umrzoq umrida birinchi marta xotiniga jahl aralash oʻqrayib qaradi.

— E, oʻrischaga balo bormi qishloqda?.. Bu yer enangni uyimas, bildingmi?.. Nozlanmay til oʻrganib qoʻysang bir yering kamayib qolmasdi… — Agar Umrzoq shu gaplarini biron-bir oʻzbek qiziga aytsa, boplab javob qilardi. Natasha bunday oʻzbekcha achchiq-tirsiqlarni, afsuski, tushunmadi. Faqat erining jahli chiqqanini yuzidan sezib labini burgancha xonasiga yoʻl oldi…

Yoʻq. Qodir otaga boya koʻrganlari holva ekan. Peshin namozini oʻqish ilinjida tahorat olish uchun hovliga chiqqan qariya Natashaning qornidan baland kofta, buning ustiga shim kiyib olganini koʻrib, esxonasi chiqib ketayozdi… Ha, bu Umrzoqning shimi… Ie…

— Hoy, Umri! — bor ovozda qichqirdi Qodir ota oʻgʻlining xonasi tarafga oʻgirilib. Qariyaning bejo hayqirigʻini eshitib bir tomondan Umrinisa xola, ikkinchi tomondan Umrzoq jonholatda sarpoychan yugurib chiqishdi.

— Ha-a, otasi?! — Umrinisa xola gap nimada ekanini darhol anglab yoqa ushladi, — Voy, shoʻr-i-im!.. Hoy, qizim, qaynotangizdan uyalmadingizmi shu ahvolda koʻchaga chiqishga?.. Voy, shoʻrimga shoʻrva toʻkilib qoldi-i!.. — Umrzoq xotinining navbatdagi hunaridan xijolat tortib asta boshini egdi. Natasha boʻlsa, ularning hayron boʻlayotganini koʻrib sovuq jilmayib oldi-da, “derevnya” degancha yelka qisib tomorqa tomonga oʻtib ketdi…

* * *

Ajnabiy kelin Mozormahallada paydo boʻldi-yu, qishloqdagilarga xudo berdi. Natasha goh shim kiyib, baʼzan kalta yubkada qishloq koʻchasidan oʻtib qoldi deguncha, oʻsmir oʻgʻil bolalar toʻp-toʻp boʻlishib uning ortidan chopishar, turli betamiz soʻzlarni aytib, jigʻiga tegishar, xotin-xalaj goʻyo sirk tomosha qilayotgandek burchak-burchakdan xufiyona moʻralab zerikmasdi… Bora-bora bularning hammasi Natashaning joniga tegdi. Ayniqsa, kim bilandir dardlashgisi, hasratlashgisi kelganda izlay-izlay bironta boʻlsin rusiyzabon odam topolmagani juda alam qildi. Oʻylay-oʻylay, bu qishloqda ortiq tura olmasligiga koʻzi yetdi va eriga masalani koʻndalang qoʻydi.

— Men bu qishloqilar orasida ortiq yashay olmayman, — dedi u yigʻlamsirab, — Bu yerlardan olib ket meni!.. — Umrzoq garchi rus tilida boʻlsa-da, xotinining sensirab gapirishini sira oʻziga singdirolmasdi. Qishloqda koʻcha changitib oʻsgan-da, bu “yangilik”ni eshitib toʻporicha gap qildi.

— Ke, qoʻy shu gapingni!.. Seni qayga oboraman hozir?.. Likang-likang qilmasdan yashagin-da mundoq qishloqchasiga boʻlmasa!.. — Natasha esa, bu gaplardan soʻng yanada alami oshib bir oʻzi yoʻlga otlanishga qaror qildi va kiyimlarini yigʻishtira boshladi.

* * *

Natasha haqiqatan oʻzini xoʻrlangandek his etdi. Moviy dengizni eslatuvchi koʻm-koʻk koʻzlaridan oqib tushayotgan yosh toʻxtamagan sari ich-ichidan oʻksinaverdi. Jomadon tutgan qoʻllarini qaltiroq bosib, har qadam bosganda nozik tizzalari bukilib-bukilib bordi… Axir… oʻzbek tilini umrida eshitib koʻrmagan boʻlsa nima qilsin?.. Bu ham yetmagandek, qishloq odamlari juda gʻalati boʻlarkan… Tizzadan baland koʻylak kiysa nima qipti?.. Biror narsa oʻzgarib qolarmidi?.. Er boʻlib biron martayam yonini olmadi-ya!.. Boʻlmasa, uyoqdagi vaʼdalari qanaqa edi…

Natashaning xayoli boʻlindi. Koʻrimsizgina avtobus bekatida ikki-uch nafar shirakayf oʻsmir bolalar oʻtirishgan ekan. Ular kelishgan, buning ustiga sochlari yoyiq ajnabiy ayolni koʻrishdi-yu, sakrab oʻrnilaridan turib ketishdi… Bir tomoni kayfchilik, bolalardan biri sekin unga yaqinlashib tegajogʻlik qila boshladi:

— Devichkaxon, kuda poydyom-a?.. Kuda poydyom?.. — Allaqachon yigʻlashdan toʻxtab, ancha oʻzini bosib olgan Natashaning bu gapdan negadir kulgisi qistadi-yu, indamay teskari qaradi. Bolalar tanimasni siylamas deganlaridek, uning indamaganini noz-karashmaga yoʻyishdi chamasi, baravariga tashlanib qolishdi. Oʻz yurtida bu qadar behayoliklarga duch kelib koʻrmagan Natasha bu toʻpori bolalardan qanday qutulishni bilmasdi. Nima boʻlsa boʻlar dedi-yu, qoʻlidagi jomadonni yerga qoʻyib bezorilarning yoqasidan olmoqchi boʻldi. Qayoqda?.. Ichkilik taʼsir qilib yanada kuchga toʻlib ketgan qishloq bolalari hash-pash deguncha uning kiyimlarini yechib, oʻzini oʻrindiqlardan biriga yotqizishdi… Yaxshiyam Natasha tilli-jagʻli ayol. Ovozining boricha baqirib Umrzoqni yordamga chaqirdi. Chaqiraverdi, chaqiraverdi… Oradan qancha vaqt oʻtdi, bilmaydi. Qayerdandir bezorilarning tepasida paydo boʻlgan Umrzoq ularni koʻr-koʻrona tepkilay ketdi. Tepkilayverdi… Tepkilayverdi… Agar jon shirinlik qilib qochib qolishmaganda…

* * *

Umrzoq hammasiga tupurdi. Keksayib qolgan ota-onasi ham, qadrdon qishlogʻi ham, hech narsa koʻziga koʻrinmadi… Oʻyladi, oʻylayverdi… Baribir, xotinidan koʻnglini uzolmadi… Ketishi kerak… Qanday boʻlmasin, ketishi shart… Bu qishloqda bir oʻzi qolgani bilan obroʻ toparmidi… Erta-indin yana oʻsha eski hammom, eski tos… Ketmon koʻtarib dalaga chopadi. Ertadan kechgacha qora terga botib ishlagani bilan na pul orttiradi, na obroʻ… Toʻgʻri oʻylagan ekan… Ana, qishloqda oʻsgan, hamma oriyatli deb sanaydigan bolalar gulday xotinini yalangʻochlab ketishdi-ku!.. Bundan ortiq xoʻrlik bormidi dunyoda?! Shuncha ishlardan keyin yana shu qishloqda qolsinmi?! Yoʻq… Yelkasining chuquri koʻrsin endi bu yerlarni…

Umrzoq bir qarorga kelgach, xotinini yoniga olib tavakkal yoʻlga tushdi. Poyezdga chiqib joy-joylarini egallashgach, ikkovlarining ham chehralari ochilgandek boʻldi. Ayniqsa, Natasha goʻyo yelkasidan togʻ agʻdarilgandek ancha yengillab qoldi. Ammo qoʻshni oʻrindiqda yastanib oʻtirib astoydil koʻknori ezgʻilayotgan notanish qariya negadir Umrzoqdan sira koʻz uzolmasdi. U to koʻknorisini kaftlab-kaftlab ogʻziga solgungacha ham termulaverdi. Umrzoq ham buni sezdi. Biror nima soʻramoqchi shekilli deb oʻylab, ancha vaqt quloqlarini ding qilib oʻtirdi. Qariyadan sado chiqavermagach, toqati toq boʻlib oʻzi gap boshladi:

— Ha, boboy, meni birovga oʻxshatyapsizmi, deyman?.. — Qariya piyoladagi sovibroq qolgan koʻk choyni oxirigacha simirib ichdi-da, maʼnoli bosh chayqab qoʻydi.

— Oʻxshatganim yoʻq-ku, bolam, oʻtirishing bejo-da!.. Xuddi turmadan qochgan odamday javdiraysan-a, vey!..

— Turmadan qochganim yoʻq, boboy, qishloqdan qochdim… — kulib qoʻydi Umrzoq, — Oʻrusiyadan uylanib kelgandim… Xotinimni sigʻdirishmadi… Shundan keyin… Menam joʻnavordim orqaga, nima qilay?!

— Bekor qipsan, bolam, — dedi qariya kutilmaganda chuqur xoʻrsinib, — Xotinni yoʻliga kirib bekor qipsan… Vatan-a, vatan!.. Uni qayoqdagi ajnabiy xotinga almashib boʻlarkanmi?! Mana, meni aytdi dersan, bir kunmas bir kun baribir qaytib kelasan… Qaytgandayam, qon yutib qaytasan, bolam, koʻzingni och!.. — Umrzoq qariyaning bunaqangi keskin gaplarini eshitib dardiga dard qoʻshildi. Ayni damda bu odamni shu qadar yomon koʻrib ketdiki, alamiga chidolmay yana xotinini yoniga oldi-da, jomadondan bir shisha aroq chiqarib, ikkovlon asta-sekin “maydalay” boshlashdi. Qariya esa, koʻknori taʼsir qildimi, allaqachon xurrak ota boshlagan edi.

* * *

Oʻrusiyadagi qarindosh-urugʻlar Umrzoqni yaxshi kutib olishdi. Lekin, bu mehmondoʻstlik Umrzoqning koʻngliga oʻtirishmasdi. Axir, oʻrischasi, baribir oʻrischa-da! “Oldingga hamma ovqatni qatorlashtirib qoʻyishadi-da, oʻzlari indamay oʻtiraverishadi. Bironta kimsa mundoq qarab: «Vey, sen mehmon eding, manavilardan olib oʻtir!” — desa-chi… Umrzoq nima qilganda ham qishloqdanligiga borib oʻzini qandaydir noqulay sezaverdi… Bu ham yetmaganday, kun oʻtgan sari Natasha tamoman oʻzgarib borardi. U har kuni turli-tuman kiyimda koʻchaga otlanar, baʼzan ertadan to yarim tunga qadar “yoʻqolib” qolar, qayerlarda yurgani-yu, nima yumush bilan mashgʻulligi xususida eriga “doklad” qilishni oʻziga sira ep koʻrmasdi. Shundoq ham sokin hayot joniga tega boshlagan Umrzoq esa, xayolan turli yomon koʻchalarga kirib chiqardi…

Bir kuni Umrzoq uyqudan uygʻondi-yu, yonida yana xotinining yoʻqligini koʻrib battar xunobi oshdi. U apil-tapil kiyindi-da, qaynonasining hay-haylashiga ham qaramay koʻchaga otildi… Ha, u oʻsha oʻzlari birinchi kuni birga tushlik qilgan kafedadir, balki… Afsuski, u kafegacha ham yetib borolmadi. Avtobus bekatini yoqalab katta yoʻl boʻyiga chiqqan ediki, qator mashinalardan biri yonida Natashaning begona erkak bilan quchoqlashib turganini koʻrib kapalagi uchib ketayozdi. “Voy, qanjiq-ey… Voy, kofirzoda-yey!.. — deya asabiy pichirlardi Umrzoq u tomonga borishni ham, bormaslikni ham bilmay, — Buni xotin deb yursam, gʻirt buzuq ekan-ku!..”

— Natasha, bu yoqqa kel dedim! — beixtiyor qichqirib yubordi Umrzoq. Natasha tanish ovozni eshitib, erkakning quchogʻidan sekingina sirgʻalib chiqdi-da, eriga yaqinlashdi. U Umrzoqqa shunchalik sovuq tikilardiki, butun alami yuziga urgandek edi.

— Ha-a, nimaga orqamdan poylab yuribsan, azizim?.. — sovuqqonlik bilan soʻradi u qoshlarini chimirib, — Endi sening dastingdan koʻchagayam chiqolmay qolaman shekilli-a?..

Umrzoqning yuzidan qoni qochdi. Tishlari asabiy gʻijirlab mushtlari tugildi. Nahotki, xotini, bir vaqtlar oʻzining ishqida kuyib-yongan, “Sendan ayrilsam oʻlaman” deya ayuhannos solgan Natashasi shunday yoʻl tutsa?.. Unda… Sevgi… Muhabat qayoqda qoldi?.. Ilgarigi… Yoʻq… Yaqindagina qishlogʻiga yetaklashib borgan Natasha qayoqda qoldi? Oʻzining erkaklik gʻururi qayoqqa gʻoyib boʻldi?.. Nega borib anavi nusxaning basharasini boʻyab qoʻyolmayapti?.. Yoʻ-oʻq… Mozormahallaning yigitiga bunaqa hunarlar oʻtmaydi… Ha-a, u musofir… Hech kimga gapi, zoʻr kelganda mushti ham oʻtmasligi mumkin… Taʼna toshlarini jim turib tanasiga singdirishi ham mumkin… Ammo bunday xoʻrlikka, yuzsizlikka jimgina qarab tura olmaydi… Yaxshisi… Ketadi… Ketaveradi… Muhabbat shunchalar arzon boʻlsa, muhabbatsiz oʻtadi… Yaxshisi… Ona qishlogʻidagi eng xunuk qizning tovonlariga bosh qoʻyib uxlaydi… Ammo bunday buzuqlik tarvaqaylagan joylarda qolmaydi… Hozir… Hammasini aytib oladi-da, ketadi… Ketadi…

— Vey, qanjiq, — dedi hirillab Umrzoq, — Sen hali oʻzbekni ahmoq qilmoqchimisan? Shu yoʻl bilan oʻzbekdan qasd olmoqchimisan?.. He, enangni, bildingmi?..

— Nima, nima?.. — shu payt kutilmaganda haligi oʻris yigit unga yaqinlashib kela boshladi. Umrzoq, baribir, oʻzini yoʻqotmadi. Yer ostidan qarab yigitni yaxshilab kuzatdi… Ha, oʻziga nisbatan ancha kuchliga oʻxshaydi… Demak, qoʻliga tushsa sogʻ chiqmaydi… Nimadir qilishi kerak… Nima qilib boʻlsa-da, alamini olishi kerak bu xunasadan…

Umrzoq jonholatda uyoq-buyoqqa qarab yerdan kattaroq bir tosh topdi-da, tavakkal oʻris yigitning basharasiga irgʻitdi va orqa-ketiga qaramay qochaverdi… Qochaverdi… Vallohi aʼlam, u otgan tosh yigitning yo boshini yordi, yo miyasining qatigʻini chiqardi… Bilmaydi… Bilmaydi… Hozir u poyezdga ilashib qolsa boʻldi… Boshqasi bilan ishi yoʻq… Ishi yoʻq…

Aksiga olib, Toshkent poyezdi endigina oʻrnidan qoʻzgʻalgan ekan. Umrzoq vagon kuzatuvchilarining baqir-chaqiriga ham quloq solmay duch kelgan vagonga sakrab chiqib oldi. Kuzatuvchilar uni tashqariga itarishdi, u ichkariga talpinaverdi. Oxiri, poyezd vokzaldan uzoqlasha boshlagach, Umrzoq nihoyat kuzatuvchini olib ketishga koʻndirdi.

* * *

Umrzoqda Natashaning alami koʻp edi. Alamini oldi. Lekin, shunisi yomon boʻldi-da!.. Bir umrlik baxtimni topdim deb behuda quvongan qishloqi yigitdan bu alamini juda xunuk yoʻl tutib oldi. Yigitning koʻngli sindi, boshi egildi. Umrida yigʻlab koʻrmagan edi. Poyezdning derazasiga boshini qoʻyib toʻygunicha yigʻladi. Hoʻngrab-hoʻngrab yigʻladi. Yigirma birga yaqinlashib ham oq-qorani taniy olmaganidan kuydi.

Keksaygan chogʻlarida ota-onasini bekor ranjitganidan kuydi…

Poyezdda beixtiyor yana oʻsha ilgarigi koʻknorixoʻr qariyani uchratdi. Qariya bu safar unga uzoq tikilib oʻtirmadi. Hatto, koʻknorisini bir chetga surib qoʻyib, astoydil gap boshladi:

— Ha, bolam, bu safar nega yolgʻizsan?.. Shishadoshing qani?..

— Shishadoshim… Shishadoshim shishamni sindirib qoʻydi, boboy… Shunga… Arazlab ketyapman…

— Toʻgʻri qilasan arazlab, bolam, toʻgʻri qilasan… Aytmaganmidim, vatanni sotma!.. Vatan-a, vatan!.. deb, bolam… Oʻzbekni ketmonidan qoʻymasin… Yaxshisi, qishlogʻingga borgin-da, onasi oʻpmaganiga uylan!.. Ana oʻsha shishangni sindirmaydi… Bechorachilikni boʻyningga oli-ib tinchgina yashayver, bolam!.. — Shu tobda qariya Umrzoqning koʻzlariga xuddi farishtadek koʻrinib ketdi. Bu odamning koʻksiga boshini qoʻyib boladek erkalangisi, butun hasratlarini yolgʻiz ungagina toʻkib solgisi keldi. Biroq…

Baxtga qarshi, poyezd Qoʻqonga yaqinlasha boshlagandi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xorijlik kelin… (Voqea real hayotdan olingan)