11:48 / 12.10.2018
4 282

“Hayot ham, din ham aslida oson, uni murakkablashtirish kerak emas”

“Hayot ham, din ham aslida oson, uni murakkablashtirish kerak emas”
“Bu voqea Kopengagen universitetida sodir boʻlgan. Fizika oʻqituvchisi imtihonda talabalarga shunday savol beradi: “Koʻp qavatli binoning balandligini barometrdan (bosim oʻlchaydigan asbob) foydalanib qanday topish mumkin?”

Talabalardan biri javob beradi: “Barometrning uchini ipga bogʻlab, binoning eng yuqorisidan pastga tushiramiz. Asbob yerga tekkanda ip va barometrning uzunliklarini qoʻshsak, bino balandligi kelib chiqadi”.

Bu javobdan achchiqlangan oʻqituvchi talabani imtihondan yiqitadi. Talaba esa oʻz navbatida maʼmuriyatga shikoyat qiladi. Vaziyatni oʻrganib chiqish va hal qilish uchun boshqa oʻqituvchi tayinlanadi.

Yangi oʻqituvchi talabaning aslida toʻgʻri javob berganini, lekin bu yerda fizik qonuniyatdan foydalanilmaganini, bu esa oʻz navbatida talabaning fizikadan bilimi pastligini koʻrsatadi, deya xulosa qiladi.

Xulosasini tasdiqlash uchun domla talabaga yana oʻsha savol bilan murojaat qilib olti daqiqa muhlat beradi. Besh daqiqa oʻtsa hamki javob boʻlavermaydi. Oʻqituvchi talabaga uning bir daqiqa vaqti qolganini aytadi.

Shunda yigit masalaning bir necha javobi mavjudligini, biroq qaysi birini tanlashda ikkilanayotganini bildiradi va vaqt tugagach shunday javob beradi:

“Birinchi javob: barometrni binoning eng tepasidan tashlab yuborib, uning tushish vaqtini oʻlchaysiz. Keyin (H=gt²/2) formulasi orqali balandligini hisoblaysiz. Lekin bu barometr uchun yaxshi natija emas (chunki u sinadi)”.

“Ikkinchi javob: agar havo ochiq boʻlsa, barometrni yerga tik qoʻyib soyasini oʻlchaymiz va oʻzining uzunligiga boʻlamiz. Keyin bino soyasi uzunligini oʻlchab, chiqqan nisbatga boʻlsak, uning uzunligi kelib chiqadi”.

“Uchinchi javob: barometrning uchiga ip bogʻlab uni mayatnik kabi tebratasiz. Oldin yerda, keyin esa binoning eng tepasida. Balandlikni (T=2π√I/g) formulasidan foydalanib g ning farqidan topa olasiz”.

“Toʻrtinchi javob: agar bino yonida yongʻin holatida chiqish uchun oʻrnatilgan narvon boʻlsa, barometrni chizgʻich oʻlaroq ishlatib balandligini aniqlash mumkin”.

“Beshinchi javob: agar klassik olim yoki ortodoks boʻlsangiz, albatta barometr bilan yer sirtidagi va bino tepasidagi bosimni oʻlchab, bosimning balandlikka bogʻliqlik formulasidan hisoblab topa olasiz”.

“Oltinchi va eng oson javob: bino qorovulining eshigini taqillatib, uning yangi barometrga ehtiyoji borligini soʻrash va buning evaziga undan binoning balandligini aytishni talab qilish boʻladi”.

Endi oʻzingiz xulosa qiling, bu talaba imtihondan oʻtishi kerakmi yoki yiqilishi?

Ha, aytgancha, talabaning ismi Nils Bor. Fizika fani boʻyicha Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan yagona daniyalik olim.”
Usmon Usta


Maqolada bir masalani bir necha xil usul bilan yechish, topqirlik qobiliyati haqida soʻz yuritilgan. Bundan shunday xulosa chiqsa kerak: “Kim yaxshi bilishi olgan bahosi emas, fikrlash qobiliyati kuchliligi bilan belgilanadi”.

Mening xulosam esa boshqacharoq boʻldi: “Hayot ham, din ham aslida oson. Agar lozim boʻlmasa, uni murakkablashtirish kerak emas”.

Yaʼni fizik olim qiyin formulalar bilan yechgan masalani fizikadan mutlaqo xabari boʻlmagan kishi ham oddiy usulda yechib qoʻyishi mumkin. Misol uchun yuqoridagi masaladan menga toʻrtinchi va oltinchi javoblar yoqdi. Oson va sodda. Albatta fizikani bilmasligim, toʻgʻrirogʻi maktab davrida oʻrganganlarimni unutib yuborganim ham shu xulosaga undadi.

Bu bilan fizika yoki boshqa aniq va tabiiy fanlarni oʻrganmaslikni targʻib qilmoqchi emasman. Aksincha ayni shu fanlar gumanitar fanlardan koʻra foydaliroq, inson va jamiyat uchun muhimroq fanlardir, menimcha. Lekin hayotni murakkablashtirish, osoni turganda qiyiniga urinishni maʼqullamayman.

Buni dinimiz haqida ham aytsa boʻladi: Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Albatta din yengildir. Kimki dinda (buyurilmagan amallarni qilish bilan) chuqur ketadigan boʻlsa, (din) uni yengib qoʻyadi. (Chuqur ketmasdan, nuqsonga yoʻl qoʻymasdan) toʻgʻrilikni (oʻrtachalikni) ushlanglar, (amallarni komil holatda qila olmasanglar shu komiliga) yaqinlashtiringlar, (qilingan amal garchi oz boʻlsada, davomli boʻlsa unga beriladigan savob bilan odamlarga) bashorat beringlar! Ertalabki, kechki va tungi vaqtlardan (solih amallarni koʻpaytirish uchun) foydalaninglar”. Buxoriy (39), Muslim (2816). (Hadisdagi izohlar Ibn Hajar Asqaloniyning “Fathul-Boriy” kitobidan olindi).

Oʻzi aslida yuqoridagi voqeani oʻqib, birinchi chiqargan xulosam din haqida edi. Keyin dunyo ishlarini ham qoʻshdim. Bu voqeadan kim qanday xulosa qilishi esa oʻziga havola.

Musannif ADHAM

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Hayot ham, din ham aslida oson, uni murakkablashtirish kerak emas”