13:12 / 28.10.2018
10 706

Bir kechalik kelinchak… (7-qism. Birinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (7-qism. Birinchi fasl)
— Axir… To‘g‘ri, men hammasidan xabardorman… Qarang, nima deyishniyam bilmay qoldim… Qizim bir marta turmush ko‘rgan bo‘lsa… Keyin…

— Keyin-peyini yo‘q, egachi! — gapni kesdi Sarvinoz opa qulog‘idagi oltin isirg‘asini asabiy ushlab qo‘yarkan. — Biz hammasidan xabardormiz… Furqatjon hammasini aytgan… Nima deysiz?.. Ikki yoshning baxtli bo‘lishiga rozimisiz, egachi?..

— Men nimayam derdim? — biroz sukutdan so‘ng javob qildi Nafosat aya. — Ikkovlari bir-birlarini yoqtirishibdi… Qolaversa, bir marta qizimning ra’yini qaytarib, mana, ko‘rgan oqibatim haligidaqa bo‘lib… Baxtli bo‘lishsa bo‘ldi-da!..

— Mana bu boshqa gap!.. — Ra’no opa hovliqib yonboshidagi tog‘oralardan birini ochdi-da, pishiriqlarni dasturxonga chiqarib qo‘ydi.

— Qani, egachi, bir fotiha qilib yuborasiz endi! — dedi u Nafosat ayaga mamnun boqib. Onaning ko‘zlariga beixtiyor yosh keldi. Birpas o‘ylanib qoldi. Hoynahoy ukasiga xabar bermagani esiga tushdimi, yo nimadandir bezovtalandimi, nima qilishni bilmay kalovlandi. Mehmonlarning ikki ko‘zi unda edi. Ular hayron bo‘lib bir Nafosat ayaga, bir Naima opaga qarab-qarab qo‘yishardi. Buni Naima opa sezdi shekilli, yana opasini turtdi. Nafosat aya seskanib boshini ko‘tardi.

— Voy, uzr, xayol shu tobda opketib qopti! — deya oldi zo‘rg‘a ko‘z yoshlarini qo‘lidagi ro‘molchasiga artib. — Qani, bo‘lmasa, iloyo omin, ikki yosh qo‘shganlariminan qo‘sha qarishsin! Uvali-juvali bo‘lib, hech qachon dunyoda yomonlik ko‘rishmasin, Ollohu Akbar!..

Qolganlar ham duoga qo‘l ochib Nafosat ayaning ketidan fotihaga jo‘r bo‘lishdi.

Fotihadan so‘ng hammalari shirinliklardan irimiga totib ko‘rishdi.

— Quda, endi to‘y kunini birdan belgilab ketsak-a? — dedi Ra’no opa par yostiqqa astoydil yonboshlab.

— Voy, biz hali hech qanaqangi tayyorgarlik ko‘rganimiz yo‘q. — kulimsirab yelka qisdi Nafosat aya. Bu javobni eshitib Sarvinoz opa kulib qo‘ydi. Ra’no opa esa, shosha-pisha katmonidan dollarlar chiqarib qudasiga uzatdi.

— Manavi yerda ming dollar, quda! — dedi u. — Kuyovingiz hammasidan xabardor bo‘lgani uchun berib yubordi. — Bu pullarga yaxshi mebel sotib olinglar. E, siz sira xijolat tortmang! Erkak qudangiz Xudoga shukr Toshkanni so‘ragan odam. Hammasini o‘zi qilib beradi…

Nafosat aya umrida ko‘rmagan yashil pullarni olishni ham, olmaslikni ham bilmasdi. Xijolatda qolganini sezdirib qo‘ydi. Lom-mim deyolmay kalovlanib turganda, Ra’no opa pullarni uning qo‘liga majburan tutqazdi.

— Oling, quda, qizingizning peshonasi yaraqlagan ekan. Furqatday jiyanimning nazariga tushibdi. Iloyim baxtli-taxtli bo‘lishsin!..

Ketar chog‘larida qudalar to‘y kuni-yu, mayda-chuyda marosimlargacha kelishib olishdi. Faqat ikkovlarining ham yuraklari muz edi. Hamma mulozamatlari yasama edi. Garchi Nasiba o‘zlariga yoqinqirab tushgan bo‘lsa-da, odmi kiyingan qudalardan, anchadan beri hatto ta’mir ko‘rmagan katalakday hovlidan ko‘ngillari to‘lmadi. Faqat Furqatdan qo‘rqqanlari uchungina dardlarini ichga yutib «Mersedes»ga o‘tirishdi.

* * *
Nafosat aya hayron qoldi. Kuyov tomon ularni bir so‘m sarflashga qo‘ymadi. Furqat o‘rtoqlarini yoniga olib kerakli narsalarni muhayyo qilib berdi…

Xullas, to‘y boshlandi. Nasiba ikkinchi marta yana oq libosda, eng yaqin dugonalarining qurshovida «Limuzin»ga chiqib o‘tirdi. Shu tobda baxtiyor edi. Boshqa tarafdan qattiq hayajonlanar, o‘z baxtiga sira ishongisi kelmasdi…

Mashinalar saf tortib nihoyat Toshkentdan chiqaverishdagi atayin kelin-kuyovlar uchun qurilgan hashamatli uy qarshisiga kelib to‘xtadi. Darvozaning ikki tarafi odamga liq to‘la. Karnay-surnaylarning g‘at-g‘utidan misoli yer titrardi…

Ana, ichkaridan zar chopon va boshiga sallali do‘ppi qo‘ndirib olgan Furqat ham kuyovjo‘ralar bilan kelinning istiqboliga chiqib keldi.

Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora…

Furqat kelinga guldastani tutqazib baqir-chaqirlar orasidan sekin ichkariga yetaklarkan, Nasibaga yer ostidan qarab qo‘ydi. Nasiba esa, saroylardek uy, ikki tomonida qo‘l qovushtirgancha qotib turgan kazo-kazolarga ko‘zi tushgan sari oyoq-qo‘llari qaltirar, yuzlari lov-lov yonardi…

To‘polon bilan to‘y ham o‘tdi. Yangalar Nasibani o‘rtaga olib kelinlik xonasiga olib kirishdi. Yo‘q, bu uyni ta’riflashga til ojiz. U oyoqlari ostidagi cho‘g‘day yongan gilamlarni, did bilan qatorlashtirib chiqilgan yumshoq mebellarni, ayniqsa, kelin-kuyov uchun maxsus to‘shalgan divanni ko‘rib lol qoldi. Nahotki, baxt deganlari shu bo‘lsa?.. Axir, bunday shohona uylar, Furqatdek mehribon, kamtar yigit har bir qizga nasib qilavermaydi-ku!.. Yo‘q, u tush ko‘rayotgan bo‘lsa kerak… Shirin bir tush…

Nasiba yangalar kuyov ikkovlarini yolg‘iz qoldirib xonani tark etishgach, bildirmaygina lablarini qattiq tishlab ko‘rdi. Yo‘q, bu tush emas, haqiqatning o‘zi…

Shu mahalda qo‘yib berishsaydi, Furqat akasining bo‘yniga osilib quvonchlarini baham ko‘rardi…

Yo‘q, kimningdir qo‘yib berishi shart emas. Ikkovlari yolg‘iz. Xalal beradigan hech kim yo‘q…

Furqat sekin kelib Nasibani bag‘riga bosdi. Qiz seskanib ketdi. Lekin qimir etmadi.

— Men senga nima degandim? — kulib avval uning bo‘ynilarini, keyin lozim yarashib turgan sonlarini siladi Furqat. Nasiba nima demoqchi ekanini tushundi. Chunki Furqatning har bir gapi miyasiga muhrlanib qolgandi. Lekin atayin qayta so‘radi:

— Xo‘sh, nima degandingiz?

— Esingda yo‘qmi?

— Yo‘q.

— Aytgandim-ku, yutqazishni yomon ko‘raman deb!.. Mana, so‘zimni isbotladim. Baribir meniki bo‘lib turibsan… O‘sha hech kimga nasib qilmagan bokiraliging aylanib kelib menga nasib etdi… Tan berdingmi?

— E, qo‘ying-e, — boshini egib oldi Nasiba. — Uyatsiz gaplarni gapirmang!..

— Endi bizning oramizda tuni bilan faqat uyatsiz gaplar gapiriladi.

— Men istamasam-chi?

— Istamay bo‘psan, jonidan!..

Furqat kutilmagan harakat bilan Nasibani dast ko‘tarib oldi va divanga irg‘itib yubordi. U qiqirlab kulgancha naq divanning chetiga borib tushdi. Sal bo‘lmasa, polga qulay dedi. Furqat shosha-pisha kiyimlarini yechib o‘zini Nasibaning ustiga otdi…

* * *
Nasiba erta tongda tiniqib uyg‘ondi. Kechasi kam uxlagan bo‘lishiga qaramay, baribir kayfiyati a’lo edi. Ko‘zlarini ochgani hamono yonboshiga qaradi. Yonida Furqat yo‘q. Avvaliga qo‘rqib ketdi. Keyin… Vannaxonada bo‘lsa kerak deb xayol qildi-yu, sekin o‘rnidan turib o‘tirdi. A’zoyi badani simillab og‘rirdi. Tungi qiynoqqa yo‘yib e’tibor qilmadi. Kiyimlarini kiydi-da, sekin derazadan tashqariga qaradi. Hovlida Furqatning amma-xolalari, qarindosh-urug‘lari bo‘lsa kerak, uyoqdan-buyoqqa chopib yurishardi.

“Hozir kelin salom boshlansa kerak. — xayolidan o‘tkazdi u. — Furqat akam qayerda ekanlar? Tezroq kela qolsaydi…”

Xizrni yo‘qlasang hozir ekan. Hali ortiga o‘girilib ulgurmay, eshik ochilib ichkariga Furqat kirib keldi. Nasiba uning ichga botgan ko‘zlarini, dokadek oqarib ketgan yuzlarini ko‘rib jon-poni chiqib ketdi.

— Sizga nima bo‘ldi, Furqat aka?

Furqat ko‘zlarini yanada qattiqroq qisib sovuq tirjaygancha Nasibaga yaqin keldi.

— Xo‘sh, kayfiyatlar qalay, kelin bola? — so‘radi u masxaralagannamo. Lekin Nasiba buni shunchaki hazilga burdi.

— Qalay bo‘lardi? Zo‘r!..

— Shunaqa degin?..

Furqat boshini chayqay-chayqay, divanga borib o‘tirdi.

— Bilasanmi, men maqsadimga yetdim! — dedi biroz sukut saqlab turgach.

— Bilsak bo‘ladimi? Qanday maqsad ekan?..

— Bu sen eding… Sening bokiraliging edi…

Furqat to‘satdan o‘rnidan turdi-da, Nasibaning ikki yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.

— Sen bir vaqtlar mening ustimdan kulmoqchi bo‘lgansan, esingdami?

— Qachon?

— Menga va’dalar berib anavi hezalakka tegib ketganingda, mening g‘ururim poymol bo‘lgan… Shuning uchun o‘zimga o‘zim so‘z berganman… Qanday bo‘lmasin, bir marta seni quchog‘imda olib yotishni ko‘nglimga tukkanman. Mana, maqsadimga yetdim…

— Xo‘sh, nima bo‘pti?.. — Nasiba Furqatning kutilmagan muomalasini ko‘rib yig‘lab yuborayozdi. — Shularni hozir yuzimga solishingiz shartmi? Yo… Qiz chiqmadimmi?..

— Yo‘-o‘q, qiz bolaligingga gap yo‘q… Faqat… Senga bir gapni aytib qo‘ymoqchiman.

— Ayting, men eshitaveraman…

Furqat bir muddat o‘ylanib qoldi. So‘ngra o‘rnidan turib derazadan tashqariga qaradi… Yana borib divanga o‘tirdi… Tez-tez boshini qashib oldi… Nihoyat qayta o‘rnidan qo‘zg‘alib Nasibaga yuzlandi.

— Endi… Sen menga kerak emassan!..

— Nima?.. Furqat aka, bu nima deganingiz? Kayfingiz bormi?..

— Kayfimminan nima ishing bor?..

— Furqat aka, tushunmadim. Nima demoqchisiz?

— Menga keraging yo‘q, demoqchiman, endi tushundingmi?..

— Q-qanday qilib?.. Axir…

— Nima axir?.. Men senga yana qaytarib aytaman… O‘sha ishing uchun men sendan o‘ch oldim… To‘g‘risi, menga bir martagagina kerak eding… Endi…

— Hali… Shunaqamisiz?.. M-men… M-meni… Haydayapsizmi?..

— Qo‘rqma, og‘zingga siqqanicha pul beraman… O‘lmaysan ochingdan!..

— Nima?..

Furqat yana deraza orqali tashqariga ko‘z tashlab oldi-da, gapni kalta qildi.

— Xullas… Hozir narsalaringni yig‘ishtirib uyingga ketishing mumkin… Bugundan boshlab… Uch taloqsan!.. Ma, manavi pul umringning oxirigachayam yetib ortadi…

Bu gapni eshitgan Nasibaning ko‘zlari qinidan chiqib ketayozdi. Boshi g‘uvillab lablari asabiy titradi…

— If-los!.. Puling boshingda qolsin, nomard!..

Alami bo‘g‘ziga tiqilgan Nasiba jonholatda tashqariga yugurdi. Qudrat Karimovich endigina bir-ikkita mehmonlarini kuzatib hovliga kirgandi. Yangi kelinning bosh yalang, sarpoychan yig‘lab chiqib ketayotganini ko‘rib shoshib qoldi. Nasibaning ortidan qarindosh-urug‘lar ham chopishdi.

— Hoy, qizim, qayoqqa?.. Nima bo‘ldi?.. Qayting orqangizga!..

Nasiba hech kimning ovozini eshitmasdi. Ko‘z yoshlari daryodek oqib dunyoni ko‘rishga xalal bersa-da, oldinga, faqat oldinga chopardi…

Furqatnikidagilar ancha yergacha orqasidan chopib borishdi. Yeta olishmadi. Qudrat Karimovich to o‘zini yig‘ishtirib orqasidan mashina yuborguncha Nasiba katta yo‘lga chiqib o‘tkinchi mashinaga o‘tirib olishga ulgurdi.

* * *
Shu kecha ona-bola deyarli ko‘z yummay tong ottirishdi. Nasiba alamdan kuyib-kuyib yig‘lar, Nafosat aya bo‘lsa, uni yupatolmay halak edi. Qani endi qizi tushmagur gapga quloq solsa. Sira tushuntirib bo‘lmaydi. Nafosat aya oxiri chiday olmadi. Qattiq-qattiq gapirishga majbur bo‘ldi.

— E, yig‘layverarkansan-da, — dedi qo‘l siltab. — O‘zingam juda ersirab qolgan ekansanmi nima balo?! Tuqqan onangning gaplariyam ta’sir qilmasa…

— Bu… Nima deganingiz, oyi? — nihoyat boshini ko‘tardi Nasiba. — Qanday tilingiz bordi?

— Tilim boradi-da! Na issiqqa ko‘nasan, na sovuqqa. Buyog‘idan kelsak-chi, o‘sha go‘rso‘xtani o‘zing topgansan. O‘lib ketding o‘shandan boshqaga tegmayman, o‘shani deyman deyaverib! Endi nimaga tumshayib yuragimni siqasan?..

— Kechiring, oyi, men… Bilmabman.

— Mana bu boshqa gap. Odam degan sal o‘zini tutvolishi kerak. Undan ko‘ra, ertangi kunni o‘yla. Ko‘rasan, kelishadi hech narsa bo‘lmaganday yalinib.

— Qanday kelsa, shunday qaytib ketaveradi. Boshida qolsin uylariyam!..

— Bo‘pti, qara, tong ham otib qolyapti. Turaqol, hovlilarni supur-sidir qip qo‘yaylik!.. Yaxshi bor, yomon bor. Faqat… Qaddingni tik tut! Bu kunlar bitta seni boshingda bormas…

— Xo‘p!

Nasiba bu gaplardan so‘ng harqalay o‘ziga kelib kiyimlarini almashtirdi-da, hovliga chiqib supur-sidirga tushdi…

* * *
Nafosat aya aytganidek, soat ertalabki to‘qqizga bormay, Qudrat Karimovich Furqatni yetaklab kirib keldi. Ota-bolalarning ham qovoqlaridan qor yog‘ardi. Ayniqsa, Furqatning ko‘zlari ichga botgan, negadir yuzlari, ko‘z ostilari ko‘kargan edi.

— Bu g‘alamisni kechiring, qizim! — salom-alikdan so‘ng tilga kirdi qaynota. — Men uchun kechiring!.. Agar o‘g‘lim bo‘lmaganda bu ishi uchun o‘zimoq bo‘g‘izlab qo‘ya qolardim. Jon qizim, mana ko‘rasiz, qaytib borgan kuningizdan mulla mingan eshakday yuvoshtirib qo‘yaman. Faqat… Qaysarlik qilmang, odamlarning oldida meni sharmanda qilmang!.. Axir, o‘zim bosh egib keldim!.. Hoy, xunasa, nimaga qoqqan qoziqday qotib qolding? Gapir! Uzr so‘ra, kerak bo‘lsa, oyoqlariga bosh urib tavba qil!..

Furqat asta yer ostidan otasiga qarab qo‘ydi-da, bir chetda yer chizib o‘tirgan Nasibaga yuzlandi.

— Kechir meni, Nasi!.. Ahmoqlik qip qo‘ydim!..

Nasiba bu gaplarga javoban dast o‘rnidan turdi-yu, Furqatga bir yovqarash qilib olgach, yugurganicha xonasiga kirib ketdi.

— Quda, kelib bekor qipsizlar. — qizining o‘rniga javob qildi Nafosat aya. — Mening ko‘chada qolgan qizim yo‘q. Yaxshiyam tog‘asi yo‘qligida keldinglar! Bo‘lmasa, sizlarning boy ekanlaringgayam qarab o‘tirmasdi.

— Jon opa, siz, axir, tushunadigan, ko‘pni ko‘rgan ayolsiz! — dedi Qudrat Karimovich hamon ezilib ketayotganini yashirolmay. — Men onasi o‘lgandan keyin bu bolani sal bo‘shashtirib qo‘ygan ekanman. Nima qilayki, mana, endiga kelib boshimga bitgan balo bo‘lyapti… Lekin haliyam kechmas. Buni yo‘lga solvolaman… Faqat… Bu yaramas, Nasibani yaxshi ko‘radi. Agar kelinim qaytib borsa…

— Kelinim demang! — uni qayirib tashladi Nafosat aya. — U suvlar oqib ketib bo‘ldi. Qayoqdagi narkoman o‘g‘lingizga meni qizim munosib emas. Gap tamom, ortiq boshimni qotirmanglar! Men tirik ekanman, Nasiba sizning ostonangizga qaytib qadam bosmaydi!..

— Shunaqa deng? — Qudrat Karimovich hafasalasi pir bo‘lgan ko‘yi ohista o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Va kutilmaganda Furqatning yuziga tarsaki tortib yubordi.

— He padaringga la’nat, haromi!.. Seni deb obro‘yimni bir pul qildim! Oldimga tush!..
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (7-qism. Birinchi fasl)