Oraga cho‘kkan bir necha daqiqalik sukutni yana eshikning bezovta taqillashi buzdi.
— Kiravering, — o‘tirgan yerida ovoz berdi Nasiba. — Asabim buzilib turganda namuncha qattiq taqiqlatishadi-a bular?..
Shu orada Bilol ham qaddini ko‘tarib, eshik tomonga yuzlandi.
Noila ekan. Ehtiyotkorlik bilan ruxsat so‘rab ichkariga kirdi-da, Nasibaga umidvor termildi.
— Ha, nima gap, Noila opa? — so‘radi Nasiba o‘rnidan qo‘zg‘alib. — Nega xomushsiz?
— «Mol» opkelishuvdi, shuni olishga…
— Opkelishgan bo‘lsa, qabul qiling! Pulini bugun kechgacha o‘tkazib beramiz!
— Ular naqd oladiganlar-da! — dedi Noila qimtinib. — Shuning uchun…
— U holda kassadan berib yuboring!
— Kassada pul yo‘q.
— Iye, nega yo‘q bo‘ladi? Shunday katta do‘kon kassasida pul bo‘lmaydimi?
— Inkassatorlardan ortganini Normat aka oluvdilar kecha. Ertalab qaytaraman dedilar, ammo qaytarmadilar.
— Normat aka? Nega oladi? Qancha oldi?
— 60 milyon so‘m boridi, hammasini oluvdilar.
— Nima?
Bu gapni eshitib Nasibaning ko‘zlari kosasidan chiqayozdi. Shu bahonada Bilol jonlanib o‘rnidan turdi.
— Ana, endi haqiqatni aytaman, — dedi u. — Mendan xavfsirayotuvding, eringga ishonmayotuvding. Endi aytaman.
— Nimani aytasiz?
— Noila opa, men hozir chiqib o‘zim hal qilaman…
Noila tushundi va bosh eggancha kabinetni tark etdi.
— Tog‘ang anchadan beri shunaqa ish qilib yuribdi, — davom etdi Bilol. — Hozirgacha olgan pullari yuz milyonga yetib qoldi.
— Nahotki?.. Tog‘am-a? Nega menga bir og‘iz aytmadi? Maqsadi nima? Shuncha pulni nima qiladi? Nega so‘roqsiz oladi?..
— Unisini o‘zidan so‘raysan. Men qayoqdan bilaman? Men… Oxirgi marta kecha pul olayotganini ko‘rib qoluvdim. Shundan beri meni yomon ko‘rib yuribdi. Bilasanmi, tog‘ang bo‘lgani uchun indayolmayapman. Boshqasi bo‘lganda…
— Mayli, asabiylashmang, — dedi Nasiba ikki qo‘li bilan boshini changallab. — Meni uyga oborib qo‘ying, g‘alati bo‘p ketyapman!
— O‘zingni ehtiyot qil, — Bilol ehtiyotkorlik bilan Nasibani qo‘ltig‘idan oldi-da, tashqariga yetakladi. — Agar menga izn bersang, tog‘angni yo‘lga solib qo‘yardim. Pullarning hammasini qaytartirardim.
— Qaytaradi, qaytarmay qayga boradi. Hali qarab tursin!..
* * *
Uyga yetib kelishgach, manzara yanada tundlashdi. Nafosat aya bor gapni qizidan eshitdi-yu, yig‘lashga tushdi. Nasiba esa ko‘ngil aynishi bir dard bo‘lsa, tog‘asining qilib yurgan ishi ikki dard bo‘lib battar siqilar, hovlidagi so‘rida o‘tirgancha Normat polvon kirib kelishini kutardi. Nihoyat uning qorasi ko‘rindi. Normat polvonni ko‘rgach, birinchi bo‘lib Bilol o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Tog‘aning avzoyi buzuq. To‘ppa-to‘g‘ri Bilolning ustiga bostirib kelar, mana-mana musht tushirgulik shashti bor edi.
— Hoy, Normat, o‘zingni bos, — o‘tirgan yerida qichqirdi Nafosat aya. — Bilol senga nima yomonlik qildi?
Bilol ham vaziyatni oldindan payqab ulgurgani bois javob qaytarishga shay turardi. Ammo Nasiba tog‘asining yo‘liga ko‘ndalang bo‘ldi.
— Ha-a, Bilol arpangizni xom o‘rdimi? — deya tog‘aga sovuq boqdi u. — Kuchingiz shunga yetdimi? Qani, urib ko‘ring-chi, nima qilarkanman!..
— Nima qilasan? — pishqirdi Normat polvon. — Shu sig‘indi tug‘ishgan tog‘angdan aziz bo‘ldimi?
— Ha, aziz bo‘ldi, — bo‘sh kelmadi Nasiba. — U mening erim! Sizga o‘xshab ko‘zimga cho‘p tiqayotgani yo‘q!
— Nima? Qanaqa cho‘p? Ha-a, boyib ketdingizmi? Yaqindayam burningizni tortib yurovdingiz! Endi pul tushib jir bitib qoldimi?
— Hoy, Normat, — Nafosat aya chopa kelib ukasining bilagidan tortqiladi. — Qo‘shnilar nima deydi? Manavi yoqqa o‘tir! O‘tir dedim!
Normat polvon opasining turtkilari ostida so‘riga omonatgina cho‘kdi.
— Menga qara, — deya Nafosat aya gapni yotig‘i bilan boshladi. — Jiyaningning qancha qiyinchilikminan oyoqqa turganini hech kim bilmasayam sen bilarding. Nega o‘g‘irlik qilding?
— Qanaqa o‘g‘irlik, opa? — deya o‘shqirdi Normat polvon. — Haddim sig‘maydimi oltmish milyon so‘m pulga? Ayting, haddim sig‘maydimi? Men shu qizingizni go‘dakligidan yelkamda ko‘tarib katta qilganman! Shuning hurmati yo‘qmi?
— Iye, buni pul deb qo‘yibdi, uka! Jiyaning katta ishning tepasida turibdi, axir! Har yoqdan har kim tortqilab ketaversa, oxiri nima bo‘ladi? Kap-katta erkaksan, tushunmaysanmi shuni? Yo atayin qilyapsanmi?
— Beraman o‘sha pulini, boshida qolsin! Menga qarang, eri-chi, manavi erka kuyovingiz dushmanlarimizminan osh-qatiq bo‘lib yuribdi. Unga mumkin-a? Ertaga hamma do‘konlar-u sexlarni tortib olsa, tizzasiga shapatilab qolmaydimi shu qizingiz?
— Tog‘a, bugun kechqurun pullarni joyiga qo‘yasiz, — gapni kalta qildi Nasiba. — Yuz milyondan oshib ketibdi olganlaringiz. Keyin bo‘shsiz. Boshqa ishlamaysiz menda! Boshqa gap yo‘q. Bilolni bo‘lsa, tinch qo‘ying! Sizning ishingizmas uni tergash.
— Ha-a, shunaqami hali? — o‘rnidan turib ketdi Normat polvon. — Bo‘pti-i! Mana, biz bir sig‘indichalik bo‘lmay qolibmiz, yaxshi-i!.. Mayli, endi qarindosh-urug‘chilik, jigarchilik tugadi. Bittangam qadam bosib uyimga borma! Naq bo‘g‘izlab tashlayman!
— Pullarni opkeling-da, katta ko‘cha! — dedi Nasiba. — Menga bunaqangi o‘g‘ri tog‘alar kerak emas!
* * *
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Bilol divanning bir chetida o‘tirgancha Nasibaning sochini silar, indamasdi, sukut saqlardi. Nasiba esa unga yer ostidan qarab gap nimada ekanini anglashga urinar, ammo uddasidan chiqa olmasdi. Bilolga ishongisi kelardi. Ammo Furqatning yonida tasavvur etdi deguncha endigina tetapoya bo‘la boshlagan ishonch g‘oyib bo‘laverardi.
«Nahotki, men yana adashgan bo‘lsam? — o‘ylardi o‘zicha. — Ikki marta adashdim. Uchinchi bor adashmasligim kerak edi-ku! Nahotki, Bilol shunchalar pastkash bo‘lsa? Ha-a, behuda Furqat bilan osh-qatiq bo‘lib yurmagandir? Tog‘am bekorga shuncha gapni gapirib tashlamagandir? U holda nima uchun ochig‘ini aytib qo‘ya qolmayapti o‘zi? Nimani yashiryapti mendan? Do‘st bo‘lsa, xotinim desa, qadrimga yetsa, qilgan yaxshiliklarimdan minnatdor bo‘lsa, shu ishni qilarmidi? Dushman shunaqa bo‘ladimi? Ilondek qo‘yningga kirib olgachgina zaharlaydimi? Naridan turib sochib qo‘ya qolsa bo‘lmaydimi zahrini? Baribir tegadi-ku kelib!.. Bilmadim. Kimga ishonishniyam bilmay qoldim? Kimga ishonib suyana boshlasam, pand beryapti. Aldashga, chuv tushirishga bel bog‘layapti. Agar tog‘am pul o‘g‘irlab dodimni bermoqchi bo‘lgan chiqsa, Bilol qanday yo‘l bilan chuv tushirmoqchi? Demak, Furqat bilan til topishib bor do‘konlarimni tortib olishni niyat qilganmi? Shuning harakatida yuribdimi?.. Ha-ya, erta-indin hammasini nomiga o‘tkazib meni haydab solsa-chi? Unda nima bo‘ladi? Kimga yig‘lab boraman, kimga?..»
Nasiba xayollari zo‘r kelib kutilmaganda Bilolning qo‘lini boshidan itqitib tashladi.
— Ha, nima bo‘ldi? — muloyimlik bilan so‘radi Bilol. — Haliyam jahlingdan tushmadingmi? E, tashvish qilma, bugun topadi pulni! Topmasa, o‘zim shug‘ullanaman.
— Siz-chi? — Nasiba dast o‘rnidan turdi-da, Bilolga tik boqdi. — O‘zingiz qachon bas qilasiz sotqinlikni? Meni tiriklay go‘rga tiqqandan keyinmi?
— Uf-f, — Bilol horg‘inlik bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, deraza qarshisiga turib oldi. — Men nima ayb qildim, axir?
— Furqat bilan osh-qatiqsiz, mana shu aybingiz! — dedi Nasiba zarda aralash. — Nega u bilan yaqin bo‘lvoldingiz? Mayli, bir paytlar uyida mardikor ishlaganman dedingiz, tushundim. Lekin hozir-chi? Hozir nima majbur qilyapti? Bilasiz, Furqat mening ashaddiy dushmanim. Bir paytlar meni it kuniga solgan ham o‘sha. Kelib-kelib o‘sha bilan do‘stlashishingiz alam qilyapti. Ochig‘ini ayting, aytmaguningizcha, menga yaqinlashmang!..
— Hali shunaqami? — deya unga yaqin keldi Bilol. — Demak, yaqinlashmasligim kerak, shundaymi? Juda yaxshi, unda yaxshi qol! Meni izlab ovora bo‘lma, baribir topolmaysan!
Shunday deb Bilol tashqariga chiqib ketdi. Nasiba esa bu ishini shunchaki jizzakilikka yo‘ydi-yu, indamay yotaverdi. Ammo oradan o‘n, o‘n besh, yigirma daqiqa o‘tdi hamki, Bilol qaytib ichkariga kirmadi. Shundagina bezovtaligi ortib chopqillagancha hovliga chiqdi. Hovlida hech kim yo‘q edi. Shosha-pisha ortga qaytib telefoniga yopishdi. Afsuski, Bilolning raqamiga tusha olmadi. Bu battar yuragiga xijillik solib qo‘riqchilardan biri Nizomga qo‘ng‘iroq qildi. Oradan yarim soatcha o‘tdi, yo o‘tmadi, Nizom yetib keldi.
— Menga qara, — dedi Nasiba yig‘lagudek bo‘lib. — Do‘konlarning birontasiga mabodo Bilol akang bormadimi? Ko‘zing tushmadimi?
— Tushdi, — dedi Nizom jiddiylik bilan. — Boyagina ko‘rdim.
— Qayerda ko‘rding? Nima dedi?
— Buni sizga ayta olmayman, opa, — dedi Nizom yer chizib. — Haqim yo‘q.
— Iye, nega aytolmaysan? Kim buyruq berdi senga?
— Bilol akam iltimos qiluvdi. Shunga…
— Men bilmayman, — Nasiba apil-tapil oyog‘iga tuflisini ildi-yu, qo‘liga sumkachasini oldi. — Hoziroq uning oldiga oborasan! Qani, oldimga tush!
— Opa, unday qila olmayman, — dedi Nizom qaysarlanib. — So‘z berganman!
— Sen basharti ishdan bo‘shashni xohlab qolmadingmi? — Nasiba bu gal nozik joyidan oldi. — Agar shunday bo‘lsa, hoziroq haydalasan!
— Opa-a, iltimos, kechiring, va’da bergandim-da!
— Yur dedim senga! Obor meni o‘sha Bilol akang turgan yerga!..
— Xo‘p, — dedi bo‘shashib Nizom. — Faqat… Ko‘rganlaringizga… Iltimos, opajon, nima ko‘rsangiz, meni aralashtirmasangiz, yolvoraman! Men… Baloga qolib ketaman keyin!
— Ko‘ngling to‘q bo‘lsin! Sen oborib qo‘y-da, orqaga qaytaver!
Mashina joyidan qo‘zg‘aldi. Nizomning sirli gaplari, qaysarlanishi Nasibani battar shubhalantira boshladi. Endi umuman ishonchi yo‘qolish pallasiga kirdi. Bilol ko‘z oldiga keldi deguncha asabiylashaverdi.
«Demak, biryoqda tug‘ishgan tog‘am, ikkinchi yoqda Bilol ham mening poyimni qirqishga tushibdi, — ko‘nglidan o‘tkazdi u. — Mana, hozir hammasi oshkor bo‘ladi. Joyida hal bo‘ladi hammasi. Iflos… Nomard!.. Xudo olsin sendaylarni!..»
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi