Kunning oxirgi darsi nihoyasiga yetay deb qolgan. O‘quvchilar tashqariga chiqish uchun narsalarini tayyorlab o‘tirishibdi. Daftar va kitoblar sumkalariga solingan. Qo‘ng‘iroq chalinar-chalinmas tashqariga otilishga shay bo‘lib o‘tirishibdi.
Faqat Aligina tashqariga chiqishga shoshilmayotgan edi. Bir oz kechroq qolish uchun qo‘lidan kelgan ishni qilib o‘tirar edi. Nihoyat qo‘ng‘iroq chalindi. Bolalarning hammasi baravar eshikka yo‘naldilar. Ali esa joyidan turmadi. Shoshmasdan narsalarini yig‘ishtira boshladi. Ko‘z qiri bilan o‘qituvchisini kuzatar edi. Bir tarafdan o‘rtoqlari sinfni bo‘shatishlarini kutar edi. Alining harakatlari o‘qituvchining e’tiborini tortdi.
— Ha, Ali. Uyingga ketmaysanmi?
Ali oxirgi o‘quvchi sinfdan chiqqanini ko‘rgandan so‘ng dedi:
— Ustoz, sizga aytadigan gapim bor edi.
— Xo‘sh Ali. Gapir, nima gaping bor?
— Sinfdoshimiz Ahmad bor-ku, ustoz.
— Ha. Ahmadga nima bo‘pti?
— Uyda ahvollari yaxshi emas, shekilli. Onasi uning sumkasiga unchalik yaxshi narsalar solib bermaydi.
— Xo‘sh?
— Unga yordam bermoqchi edim. Lekin meni yordam berganimni bilsa, xafa bo‘ladi. Har kuni bitta simitga yetadigan pulni har hafta sizga bersam, siz unga berib turasiz, maylimi?
Ali cho‘ntagidan bir hovuch tanga chiqarib stolga qo‘ydi. Nurxon pullarga tegmadi. Kursiga o‘tirib o‘yladi. Ali haqidagi bilgilanlarini xayolidan o‘tkazdi. Bilishicha, Alining oilasi u qadar o‘ziga to‘q oilalardan emasdi. Bu harakatchan va yoqimtoy o‘quvchisi naqadar go‘zal niyatli va go‘zal tushunchaga ega ekan. O‘zi boy xonadon farzandi bo‘lmasa ham... Oilasi o‘zi haligi ahvolda bo‘lsa ham... Shunga qaramay, o‘rtog‘iga yordam bermoqchi. Uning ustiga yordam qilayotganini undan yashirmoqchi bo‘ladi.
— Shoshma, Ali. Bilishimcha, sizlarning oilaviy ahvolingiz ham u qadar yaxshi emas. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, ustoz. Otam kundalik ishda ishlaydi. Ko‘pincha ish topilmaydi. Ammo men ham ishlab pul topyapman.
— Qayerda ishlayapsan?
— Simit sotyapman.
Ustoz Nurxon o‘tirib o‘yladi. Bu qadar yaxshilik rejasi uchun nima deya olardi hozir. Alining niyatini amalga oshirish qiyin, biroq uning niyatidan qaytarish uchun chora topish kerak edi. Lekin buni shunday qilish kerakki, sevimli o‘quvchisining ko‘ngli ranjimasin. Bir gaplashsam, chora topilar dedi. Ustoz Nurxon Aliga qaradi:
— Katta bo‘lsang kim bo‘lmoqchisan?
— Juda katta boy tadbirkor bo‘laman...
— Nima uchun?
— Odamlarga ko‘p yordam berish uchun.
— Juda yaxshi. Ali, to‘g‘ri hozir Ahmadning oilaviy sharoiti yaxshi emas. Ammo sizniki ham ularnikidan farqi yo‘q. Menimcha, bu ishga hozircha shoshmaganing ma’qul. Boy bo‘lganingdan keyin yordam beraverasan. Bo‘ladimi?
— Bo‘lmaydi. Hozir qilishim kerak.
— Nima uchun bo‘lmas ekan?
— Uch sababga ko‘ra bo‘lmaydi.
Birinchidan, bu pullar meniki emas. Yaxshilik qilganim uchun Alloh meni odamlarga yoqimli qilib ko‘rsatib qo‘ygan. Shuning uchun odamlar ta’sirlanib, mendan ko‘proq simit oladilar. Shuning uchun kun bo‘yi ishlaganlardan ko‘ra ko‘proq simit sotaman. Anavi mahallada Hasan amaki bor. Har kuni mendan ikkita simit olib, kabutarlarga tarqatadilar.
Ikkinchidan, «novda yoshligida yaxshiroq egiladi» degan gap bor. Agar hozirdan yaxshilik qilishga o‘rganmasam, katta bo‘lganimda hech qilolmayman. Hozir bu ishni boy bo‘lganimda qilaman desam, boy bo‘lganimda ham yanada boyroq bo‘lganimda qilaman deb o‘zimni ovutaman.
Uchinchidan, eng muhimi: Men katta bo‘lganimda boy tadbirkor bo‘lmoqchiman. Vaqtida tijoratga sarmoya tikmaganlar hech qachon katta ishbilarmon bo‘la olmaydilar.
Ustoz Nurxon Alini zo‘r hayajon bilan tinglar, o‘zini buyuk odamning ro‘parasida turgandek his qila boshladi.
— Shu oxirgisini unchalik tushunolmadim, Ali?
— Tushuntiraman, ustoz. Hozir u qadar boy bo‘lmaganim uchun bir kunda bitta simit ehson qila olaman, xolos. Bundan ortig‘ini qilolmayman. Alloh esa jannatni kuchi yetganicha yaxshilik qilganlarga beradi. Hozir kuchim shunchalik ekanini hisobga olsak, jannatning narxi men uchun bir necha simitning narxichalikdir. Agar boy bo‘lmasdan oldin o‘lsam, bir necha simitning narxi bilan jannatga kirib olgan bo‘laman. Bundan ham foydaliroq ishga sarmoya kiritish mumkinmi?
Ustoz Nurxonning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Bildirmaslik uchun yerga qaragancha Aliga ketishga ruxsat berdi. Uni tashqarigacha kuzatib qo‘ydi. Maktab o‘quvchilardan bo‘shab qolgan edi. Sinfga qaytib kirganida stolning ustida Ali qo‘yib ketgan tangalar turar edi. Nurxon ustoz beixtiyor kursiga o‘tirdi. Tangalarni qo‘liga oldi.
Hech qachon qo‘liga shu qadar qimmatli pul tushmagan edi. Qo‘lida go‘yo dunyoning eng nozik gavharlarini, yoqut-u olmoslarini tutib turar edi. Bu pullar hatto ulardan ham qimmatli edi. Bu mayda tangalar, bu mayda simitning pullari, jannatni sotib olsa bo‘ladigan pullar edi.
Huddi hech qo‘yib yuborishni istamaydigan bir tuyg‘u bilan bu simitning mayda pullarini kaftida siqib olgan edi.
Ustoz Nurxon o‘tirgan yeridan turolmadi. Ichi to‘lganini his qildi. Anglab bo‘lmas tuyg‘ular bilan bo‘g‘ila boshladi. Birdan quyuq bulutdan yomg‘ir yog‘gandek yig‘lay boshladi...
Yig‘ladi...
Yig‘ladi...
Yig‘ladi...
O‘ziga kelganida shom bo‘lgan edi.
Asta qadamlar bilan maktabdan chiqar ekan Sodiq qorovul Nurxonning «Simitning mayda pullari bilan jannatni sotib olish, simitning mayda pullari bilan jannatni sotib olish», deya takrorlab ketayotganini eshitdi. Qorovulning hayratlanib «Nima dedingiz, ustoz?» deganini ham eshitmagan Nurxon qorovulning hayron boqqan nigohlari ostida shomning g‘ira-shira qorong‘uligida uzoqlashib borar edi...
Turkchadan Shoolim Shomansurov tarjimasi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”