Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizga pasaytirishi oddiy odamlarga qanday ta’sir qiladi?
Markaziy bank asosiy stavkani 1 foizga pasaytirib, 14 foiz etib belgilagani haqida xabar berilgandi. Buning ahamiyati nimada va O‘zbekiston hayoti qanchalik o‘zgarishi xususida nimalarni bilish kerak.
Asosiy stavka 14 foiz darajasiga qaytdi. Bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushdan avvalgi ko‘rsatkich hisoblanadi. Urush boshlangach, Markaziy bank asosiy stavkani 17 foizgacha oshirgandi.
Asosiy stavka o‘zi nima va uning ta’siri qanday?
Markaziy bank asosiy stavkasi O‘zbekiston hayotiga jiddiy ta’sir qiladi. Mazkur stavkaga mamlakatdagi qolgan barcha stavkalar (omonatlar, kreditlar va boshqalar) bog‘liqdir.
Stavka talab va taklifni o‘zgartiradi, ular esa, o‘z navbatida, aholi va biznes qarorlarini. Bularning barchasi esa narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Asosiy stavka yuqorilasa, kredit foizlari oshadi va iqtisodiyotda faollik kamayadi. Uning pasaytirilishi esa kredit foizlarini ham pasaytiradi va odamlar ko‘proq kredit ola boshlaydi. Mamlakat iqtisodiyotida pul aylanishi tezlashadi. Biroq bu holatda inflyatsiya ham yuqorilashi mumkin.
Asosiy stavka nega pasaytirildi va endi nimalar o‘zgaradi?
Asosiy stavka Markaziy bankning mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatishiga imkon beruvchi vositalardan biridir.
U inflyatsion kutilmalar hamda kelgusi oylarda narxlar va iqtisodiy ko‘rsatkichlarning kutilayotgan vaziyatidan kelib chiqib pasaytirildi.
Asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishi o‘tgan yil mart oyida xatarlar uchun foiz stavkani oshirish orqali qo‘yilgan qo‘shimcha yuklamani to‘liq olib tashlash imkonini beradi. Sodda qilib aytilsa, O‘zbekiston iqtisodiyoti urushdan avvalgi holatiga qisman qaytdi. Xavflar mavjud, ammo vaziyat bir yil avvalgiga qaraganda yaxshiroq.
Markaziy bankning asosiy vazifasi — bozorning barcha ishtirokchilari va barcha jarayonlar (inflyatsiya, iqtisodiy faollik va moliyaviy barqarorlik) o‘rtasida muvozanatni topishdir.
Stavkani pasaytirishdan maqsad mamlakat iqtisodiyotini pul bilan to‘ldirish, bu esa ishlab chiqarishni rivojlantirish, kompaniyalarning soliq imtiyozlarini oshirish, davlatning yirik loyihalarga ko‘proq mablag‘ sarflashga imkon beradi.
Stavkaning pasayishi aholining xarid qobiliyati oshishidan dalolat beradi.
Odamlar tejashni to‘xtatib, ko‘proq xarajat qilishni boshlaydi, bu esa iqtisodiyotni rivojlantirishga imkon beradi. Ammo bu chora inflyatsiyaning tezlashishiga ham olib kelishi mumkin:
asosiy stavkani pasaytirish → arzon kreditlar + past omonat stavkalari → aholi xarajatlarini oshiradi + tejashga intilmaydi → inflyatsiya tezlashadi.
Asosiy stavkani pasaytirish oqibatlari
Asosiy stavkani o‘zgarishi birinchi navbatda kreditlar va omonatlarga ta’sir qiladi. Banklarning asosiy stavkadagi o‘zgarishlarga javob berish muddati bir kundan bir oygacha bo‘lishi mumkin.
Sodda qilib aytganda asosiy stavka pasaytirilgach kreditlar uchun foiz stavkalari ham pasayadi. Bu esa kredit olish uchun yaxshi imkoniyat ekanligidan dalolat beradi.
2022-yil yakunlariga ko‘ra, aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari uchun o‘rtacha foiz stavkasi 22,4 foiz bo‘lgan. Asosiy stavka pasaytirilgach, kreditlar foizi ham tushishi kutilmoqda.
Asosiy stavkaning o‘zgarishi banklardagi omonatlar bo‘yicha foizlarga ham ta’sir qiladi. Agar u pasaysa, omonatlar bo‘yicha ham foizlar tushadi.
Biroq bu barcha kreditlar taalluqli emas. Masalan, oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun kredit ajratish tartibiga muvofiq, ta’lim krediti banklar tomonidan kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi.
Bunda asosiy stavka pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ham asosiy o‘zgarish tijoriy kreditlarga ta’siri shartnomada belgilangan shartlar asosida bo‘lishini aytgan edi.
Banklar va mijozlar o‘rtasida tuzilgan o‘zgaruvchan foiz stavkali, xususan, Markaziy bank asosiy stavkasiga bog‘langan holda tuzilgan foiz stavkalari shartnomalarga ta’siri esa ushbu shartnomada kelishilgan shartlar yoki kredit ajratish bo‘yicha tegishli nizom talablariga muvofiq bo‘ladi, — degan edi u.
Umuman olganda asosiy stavkaning pasayishi ko‘proq ijobiy holat hisoblanadi — bu mamlakat murakkab davrni muvaffaqiyatli yengib o‘tayotganini anglatadi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring