
Jahon bozorlarida qimmatbaho metallar narxi yana yuqori sur’atda oshdi. Oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun 4500 dollardan oshib ketdi, kumush va platina ham rekord ko‘rsatkichlarni yangiladi.
24 dekabr kuni spot oltin narxi 0,8 foizga ko‘tarilib, unsiyasi 4 524 dollarga yetdi. Shu bilan oltin yil boshidan buyon qariyb 72 foizga qimmatlashdi. Kumush narxi 1,2 foizga o‘sib, unsiyasi 72,27 dollar bilan rekord qayd etdi. Platina esa 3,3 foizga oshib, unsiyasi 2 377,50 dollarga chiqib, tarixiy eng yuqori darajaga yetdi.
Mutaxassislar bu o‘sishni global noaniqlik, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik hamda xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talab oshishi bilan izohlamoqda. Tastylive kompaniyasining global makro bo‘limi rahbari Ilya Spivakga ko‘ra, deglobalizatsiya sharoitida neytral va suveren xatarlardan holi aktivlarga ehtiyoj kuchaymoqda.
Qayd etilishicha, oltin uchun bu 1979 yildan beri eng yirik yillik o‘sish bo‘ldi. Kumush esa yil davomida 150 foizdan ortiq qimmatlashib, kuchli investitsion talab va strategik ahamiyat fonida oltindan ham tezroq o‘sishni namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.