date

Oltin rekordni yangiladi, kumush narxi ham keskin oshdi

Oltin rekordni yangiladi, kumush narxi ham keskin oshdi

Dushanba, 22 dekabr kuni jahon moliya bozorlarida tarixiy voqea qayd etildi — oltin narxi ilk bor bir unsiya uchun 4,4 ming dollar chegarasidan oshdi. Bu haqda Reuters xabar berdi. Mutaxassislar bu o‘sishni AQSHda foiz stavkalari yaqin orada pasaytirilishi kutilayotgani hamda investorlar tomonidan himoya aktivlariga qiziqish kuchaygani bilan bog‘lamoqda.

Oltin bilan bir qatorda kumush bozorida ham jadal qimmatlashuv kuzatildi. Uning narxi bir kunda 3,3 foizga oshib, tarixiy maksimum — 69,44 dollarga yetdi. Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon oltin qiymati 67 foizga o‘sib, avval 3 ming, keyin esa 4 ming dollarlik psixologik chegaralarni ortda qoldirdi.

Bunday dinamika oxirgi bor 1979-yilda kuzatilgan bo‘lib, joriy o‘sish so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik yillik ko‘rsatkichlardan biri bo‘lishi mumkin. Kumush esa yanada ta’sirli natija ko‘rsatdi — u 138 foizga qimmatlashib, hatto oltin o‘sish sur’atidan ham oshib ketdi.

Tahlilchilar bu holatni bir nechta omil bilan izohlamoqda. Avvalo, investitsiya hajmlarining keskin ko‘payishi va bozorda taklifning cheklanganligi narxlarni yuqoriga surmoqda. Shuningdek, geosiyosiy keskinlik, xalqaro savdodagi noaniqliklar va markaziy banklar tomonidan oltin zaxiralarining faol xarid qilinishi qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.

Bundan tashqari, kelasi yilda foiz stavkalari pasayishi mumkinligi haqidagi kutilmalar investorlarni oltin va kumush kabi xavfsiz aktivlarga yo‘naltirmoqda. AQSH dollarining zaiflashishi esa qimmatbaho metallarni xorijiy sarmoyadorlar uchun nisbatan arzonroq qilib, talabni qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirdi.

Natijada, oltin va kumush bozori hozircha yuqori sur’atda harakatlanmoqda va yaqin oylarda ham ushbu tendensiya saqlanib qolishi mumkinligi aytilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Oltin rekordni yangiladi, kumush narxi ham keskin oshdi