15 turdagi mahsulot uchun xomashyo importida bojlar olib tashlanadi

O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulotni ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan xomashyolarga bojlar bekor qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Bu haqda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ayrim sohalarda “tarif inverziya” holati kuzatilmoqda.
Ya’ni, tayyor mahsulotlarni import qilish arzonroq bo‘lsa-da, ularni ichki ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyoga yuqori bojlar qo‘llanmoqda.
Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar qo‘shimcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olmoqda va raqobatbardoshlik darajasi pasaymoqda.
Shu sababli ba’zi korxonalar o‘z quvvatida to‘liq ishlab chiqara olmayapti.
Tahlillar natijasida quyidagi mahsulotlar uchun xomashyo importida bojlarni bekor qilish tajriba tariqasida taklif qilinmoqda:
- elektr skuterlari;
- nogironlik aravachalari;
- kungaboqar yog‘i;
- marmeladlar;
- karamel shirinliklar;
- shokolad;
- bolalar oziq-ovqati;
- tez tayyorlanadigan unli mahsulotlar;
- pryanik va pechenelar;
- vaflilar;
- piroglar;
- kekslar;
- jem va murabbolar;
- konservalangan qulupnay;
- shakarli ichimliklar.
Bundan tashqari, qandolat mahsulotlari misolida hozirda shokolad va boshqa shirinliklarni import qilish ichki ishlab chiqarishdan arzonroq ekanligi qayd etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!