Qozog‘iston bug‘doy importiga olti oylik cheklov joriy qildi

Qozog‘iston hukumati mamlakatga bug‘doy importini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Tegishli buyruq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov tomonidan imzolandi.
Ma’lum qilinishicha, yangi tartib Qozog‘iston hududi orqali amalga oshiriladigan temir yo‘l tranzitiga, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ga a’zo davlatlar o‘rtasidagi tranzit yuk tashuvlariga tatbiq etilmaydi. Shu bilan birga, parrandachilik fabrikalari, un ishlab chiqaruvchi korxonalar, litsenziyaga ega elevatorlar hamda “Oziq-ovqat shartnomaviy korporatsiyasi” milliy kompaniyasiga temir yo‘l orqali bug‘doy import qilishga ruxsat beriladi.
Biroq ushbu korxonalar import qilingan bug‘doyni na ichki bozorda, na xorijga qayta sotishi mumkin bo‘ladi. Mazkur cheklovlar faqat ichki iste’mol va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun amal qiladi. Tranzit yuk tashuvlari esa avvalgidek davom ettiriladi.
Qozog‘iston hukumati bu qaror mahalliy g‘alla yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorda barqarorlikni saqlash hamda mahalliy mahsulotlar uchun kafolatlangan sotuv bozorini yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, mazkur cheklovlar 2026 yil 27 iyuldan kuchga kiradi va olti oy davomida amal qiladi.

























Izohlar 0
…