Yoshlar startaplariga 1 milliard so‘mgacha investitsiya beriladi

Yoshlar startaplariga 1 milliard so‘mgacha investitsiya beriladi

O‘zbekiston 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni rejalashtirmoqda. Davlat rahbari bu maqsadga erishish uchun barcha sohalarga yangi g‘oya olib kiradigan innovatsion startaplar zarurligini ta’kidladi.

So‘nggi to‘qqiz yilda mamlakatdagi mahalliy startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, uning qiymati 4 milliard dollardan oshgan. Venchur jamg‘armalar soni 23 taga yetgan, ularning umumiy kapitali esa 200 million dollarni tashkil qilgan.

Shu davrda 1 ming 200 dan ortiq istiqbolli startap loyihalar paydo bo‘lgan. Ayni yo‘nalishda 3 mingdan ziyod yosh yuqori daromad topmoqda.

O‘zbekistonning startap sohasidagi natijalari xalqaro reytinglarda ham qayd etilgan. «Global startap indeksi»da mamlakat 31 pog‘ona yuqorilagan. Shuningdek, O‘zbekiston dunyoda eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimlaridan biri sifatida «2026 yil mamlakati» deb e’lon qilingani aytildi.

Endi har bir vazir, tarmoq rahbari va hokim «Mingta masalaga yoshlardan mingta yechim» loyihasini amalga oshiradi.

Loyiha doirasida har bir rahbar o‘z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformaga joylashtiradi. Yoshlar taklif qilgan eng yaxshi yechimlar uchun mukofot belgilanadi.

Buning uchun har bir vazir va hokim kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘arma tashkil etadi. Mablag‘lar g‘oliblarni rag‘batlantirish hamda 20 tadan eng yaxshi startapni g‘oya bosqichidan amaliyotga joriy etishgacha moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Yoshlar agentligi esa biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishida 100 ta eng yaxshi loyihani tanlaydi. Ularning har biriga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar