10:40 / 01.05.2021
2 721

Prezident o‘simlik yog‘i importini QQSdan ozod qilish va uning eksportini cheklash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi


Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni «Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga doir choralar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:
  • O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish;
  • o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.
Shuningdek, ushbu muddat davomida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari kiritiladi. Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev bu quyidagilarga taalluqliligini aytgandi:
  • kungaboqar va paxta urug‘iga — bojxona qiymatining 30 foizi, biroq 1 kilogramm uchun 0,2 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda;
  • kungaboqar yog‘iga — 20 foiz, biroq 1 kilogramm uchun 0,2 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda;
  • paxta yog‘iga — 50 foiz, biroq 1 kilogramm uchun 0,5 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda.
Bundan tashqari, tadbirkorlarga o‘zlari tomonidan import qilingan kungaboqar yog‘i va kungaboqar urug‘larini qayta ishlash natijasida olingan o‘simlik yog‘ining (TIF TN bo‘yicha kodi 1512 11 – 1512 19) 50 foizidan oshmagan qismini eksport qilishga ruxsat beriladi.

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov soliq imtiyozlari sababli budjetga 267 milliard so‘mlik tushum bo‘lmasligini hamda yo‘qotish o‘rni qanday qoplanishini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident o‘simlik yog‘i importini QQSdan ozod qilish va uning eksportini cheklash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi