Gulistonda 18 yoshli yigit bankomatni bolta bilan buzishga urindi

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida 18 yoshli yigit bankomatni bolta yordamida buzishga uringan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 12 sentyabr kuni soat 03:16 da Guliston tumani «Oltin vodiy» mahallasidagi Komillik ko‘chasida joylashgan «Inkassatsiya xizmati» MCHJga qarashli bankomatdan qo‘riqlash xizmati monitoring markaziga tashvish signali kelib tushgan.
Signal asosida Guliston tumani IIB huzuridagi qo‘riqlash xizmati tezkor guruhi voqea joyiga yuborilgan. Xodimlar yetib kelganida, yuzini berkitgan va qo‘liga qo‘lqop kiygan shaxs bankomatning tashqi qismini bolta hamda boshqa ashyolar yordamida buzishga urinayotganini aniqlagan.
Qo‘riqlash xodimlarini ko‘rgan shaxs voqea joyidan qochishga uringan. Biroq tezkor guruh tomonidan u qo‘lga olingan.
Tekshiruv davomida qo‘lga olingan shaxs Guliston tumanida yashovchi, 2008 yilda tug‘ilgan 18 yoshli fuqaro ekani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…