07:57 / 22.06.2022
954

Shavkat Mirziyoyev: “Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida deklaratsiya imzoladik”

Shavkat Mirziyoyev: “Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida deklaratsiya imzoladik”
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari Toshkentda kechgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha brifingda ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev ozar hamkasbining tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi, Ilhom Aliyev esa erishilgan kelishuvlar o‘rtadagi hamkorlikning faollashuvi uchun poydevor bo‘lishini aytdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Ko‘ksaroydagi muzokaralar yakuni bo‘yicha OAV vakillari uchun brifing o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon delegatsiyasini samimiy qutlab, ikki xalq munosabatlarining shonli tarixi bugungi ko‘p qirrali hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratganini ta’kidladi.

Ma’naviy qadriyatlarimiz, dinimiz bir, madaniyat va tilimiz o‘xshash. Ahmad Farg‘oniy va Abu Rayhon Beruniy asarlarida Ozarbayjonning sharq va g‘arb tamaddunlari bir-birini boyitgan ko‘plab shaharlari tilga olingan. Sharqshunoslik instituti fondlarida esa Nizomiy, Xoqoniy, Tusiy, Fuzuliy, Xatoiy va boshqa ozarbayjon shoir va mutafakkirlarining o‘nlab noyob qo‘lyozmalari avaylanib saqlanmoqda.

Bu o‘zbek xalqi azal-azaldan ozarbayjon madaniyatiga katta hurmat va qiziqish bildirib kelayotganining yana bir dalilidir.

Tor va kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvlarda ikki tomonlama kun tartibidagi masalalarni batafsil muhokama qildik. Muzokaralar hamkorligimizni xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlashga tayyorligimizni ko‘rsatdi.

Hozirgina salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi. Ular orasida ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradigan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi. Biz hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini ham belgilab oldik
”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi ekani qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ancha ko‘paydi. Qo‘shma korxona va loyihalar soni 4 barobar oshdi.

Tomonlar hamkorlikni tubdan faollashtirish uchun keng imkoniyatlar borligi, eng avvalo, iqtisodiyotlarimizning bir-birini to‘ldirib turishiga ishonch bildirdi.

Hojiqabul shahrida avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, ipakchilik sohasidagi hamkorlik rivojlanayotgani bunga misol. Qazib chiqarish, neft-kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, zargarlik buyumlarni ishlab chiqarish, vinochilikda o‘nlab yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Navbatdagi strategik yo‘nalish – strategik kommunikatsiyalarni rivojlantirish. Bugun yuklarni, shu jumladan “Boku – Tbilisi – Qars” temiryo‘li orqali tashish hajmi ortib bormoqda. Tomonlar yangi yo‘laklarni tashkil etish, multimodal tashishlarni ko‘paytirish, transport korxonalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga kelishib oldi.

Iqlim bilan bog‘liq xatarlar va oziq-ovqat xavfsizligi muammolari kuchayib borayotganini hisobga olib, muzokaralarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ilmiy va innovatsion yechimlar bilan faol almashish, agrar tarmoqni raqamlashtirish bo‘yicha sheriklikni yo‘lga qo‘yish, investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaror qilindi.

Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bunga joriy yil kuzida Toshkent shahrida birinchi Hududlar forumining o‘tkazilishi xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar sohada ham azaldan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Muzokaralar yakunida Madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, gumanitar va turizm almashinuviga doir dasturlarini rivojlantirishga ahdlashib olindi.

Ozarbayjon prezidentining tarixiy ahamiyatga ega davlat tashrifi oldinga tashlangan ulkan qadamdir. Bugun biz birodar xalqlarimiz do‘stligini yanada mustahkamlash va mamlakatlarimiz strategik sherikligini chuqurlashtirish uchun barcha sharoitlarni shakllantirdik”, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Ilhom Aliyev taklif uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston erishayotgan yutuqlardan xursand ekanini ta’kidladi.

Qardosh O‘zbekiston zaminida bo‘lib turganimdan, siz bilan ikki tomonlama munosabatlarning keng doirasi va tashqi siyosiy kun tartibidagi muhim masalalarni muhokama qilishdan mamnunman, – dedi u. – O‘ylaymanki, bu haqiqatan ham muvaffaqiyatli tashrif. Chunki muhokama qilingan mavzularning mohiyati, shakli, mazmuni bo‘yicha ham, biz qabul qilgan qarorlar bo‘yicha ham ushbu tashrif va kelishuvlar munosabatlarimizning yanada rivojlanishiga asos bo‘ladi”.

Ozarbayjon yetakchisi imzolangan hujjatlar va bugungi vazifalar ijrosi ikki mamlakat munosabatlarini yanada mustahkamlashini qayd etdi.

Bugun biz iqtisodiy hamkorlik, biznes tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalar, xavfsizlik va mudofaa qobiliyati, madaniy-gumanitar aloqalar to‘g‘risida fikr almashdik. Ya’ni keng ma’noda aytadigan bo‘lsak, faol hamkorligimiz uchun poydevor yaratilmoqda”, – dedi Ozarbayjon prezidenti.

Davlat rahbarlari xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro muloqot konstruktiv kechayotgani va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhim ekanini ta’kidladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: “Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida deklaratsiya imzoladik”