Qora uzum va rezavorlar yurak salomatligiga foyda berishi mumkin

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Qora uzum va rezavor mevalarni muntazam iste'mol qilish tarkibidagi polifenollar hamda resveratrol hisobiga yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilashga yordam beradi.
- Buyuk Britaniya va Ispaniya tadqiqotchilari tomonidan o'tkazilgan 37 ta ilmiy ish tahlili ushbu mevalar qon bosimi, yallig'lanish va endoteliy funksiyasiga ijobiy ta'sir ko'rsatishini aniqladi.
Qora rangli uzum, rezavor mevalar va golubikani muntazam iste’mol qilish yurak-qon tomir tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu xulosa so‘nggi yillarda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar tahlilida keltirilgan, deb xabar beradi MSN.
Buyuk Britaniya va Ispaniya tadqiqotchilari 2015 yildan keyin e’lon qilingan 37 ta ilmiy ish natijalarini o‘rgangan. Ularning 17 tasi tizimli sharh va meta-tahlillar, 20 tasi esa tasodifiy nazorat qilinadigan tadqiqotlardan iborat. Tahlilda uzum va golubika tarkibidagi polifenollar hamda resveratrol kabi tabiiy birikmalarning yurak-qon tomir salomatligiga ta’siri baholangan.
Natijalarga ko‘ra, ushbu birikmalar qon tomirlari faoliyatini yaxshilash, yallig‘lanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish va qon bosimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayrim tadqiqotlarda xolesterin miqdori bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarda ham o‘zgarishlar qayd etilgan. Eng izchil natijalar qon tomirlarining ichki qavati faoliyatini ifodalovchi endoteliy funksiyasi bo‘yicha kuzatilgan.
Tahlilga kiritilgan tadqiqotlardan birida 115 nafar katta yoshli erkak olti oy davomida har kuni 150 grammdan golubika iste’mol qilgan. Natijada qon tomirlari faoliyati yaxshilangan va arteriyalar qattiqligi kamaygan. Mualliflar bu o‘zgarishlar yurak-qon tomir kasalliklari xavfining 12–15 foizga pasayishiga mos kelishini hisoblagan. Biroq tadqiqotda infarkt yoki insult holatlari bevosita o‘rganilmagan, xulosa xavf omillaridagi o‘zgarishlarga asoslangan.
Tahlildagi natijalar ayniqsa ortiqcha vazn, yuqori qon bosimi, xolesterin miqdorining oshishi yoki boshqa metabolik xavf omillari mavjud insonlarda yaqqolroq namoyon bo‘lgan.
Shu bilan birga, barcha natijalarni faqat yangi uzum va rezavor mevalar iste’moli bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. O‘rganilgan ishlar orasida mevadan tashqari uzum urug‘i ekstraktlari, kukunlar va polifenol qo‘shimchalaridan foydalanilgan tadqiqotlar ham bor. Olimlar aniqroq xulosa chiqarish uchun yangi mevalar bilan uzoq muddatli va kengroq tadqiqotlar o‘tkazish zarurligini bildirgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…