Xitoylik kardiojarrohlar 500 bolani O‘zbekistonda operatsiya qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda joriy yil davomida xitoylik kardiojarrohlar tomonidan yurak nuqsoni bor 500 nafar bolaga yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkazish taklifi ko‘rib chiqildi.
Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, amaliyotlarni bir nechta tibbiyot muassasalarida bajarish rejalashtirilgan. Xususan, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi ushbu jarayonda ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.
Muzokaralarda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, bir qator tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekistonda an’anaviy Xitoy tabobatini rivojlantirishga qaratilgan grant loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdi. Bu yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Xitoyning grant mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu qadamlar tibbiyot sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni tezroq amalga oshirishga xizmat qilishi aytildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!