Toshkentda klinika xodimi bemorga tegajog‘lik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi

Bektemir tuman sudi Toshkentdagi klinikalardan birida ishlagan 38 yoshli Sh.T.ga nisbatan qaror chiqardi. U bemorga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilganlikda aybdor deb topilib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.
Hodisa 10 iyun kuni klinika liftida sodir bo‘lgan. Sud materiallariga ko‘ra, xodim bemor M.A. bilan liftda qolgan paytda haqoratomuz gaplar aytgan va ayolning xohishiga qarshi uning tanasiga tekkan.
Ayblanuvchi sudda o‘z aybini tan olmadi. U harakatlari faqat bemorni joylashtirish bilan bog‘liq ish jarayoni doirasida bo‘lganini aytgan.
Biroq jabrlanuvchi telefon suhbati yozuvini taqdim etgan. Unda Sh.T. ayoldan uzr so‘ragani eshitilgan. Sud ushbu audioyozuvni ish bo‘yicha dalillardan biri sifatida baholagan.
Hodisadan keyin jabrlanuvchining sog‘lig‘i yomonlashgan. Shundan so‘ng u tibbiyot muassasasi rahbariyati va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Sud Sh.T.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.































Izohlar 0
…