Transfer bombasi: «Fenerbahche» Shomurodov uchun 3 ta yulduz va millionlarni tikmoqchi!

Transfer bombasi: «Fenerbahche» Shomurodov uchun 3 ta yulduz va millionlarni tikmoqchi!

Yangi mavsumda ham Turkiya Superligasida zafar quchishni, ham Yevropa Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etishni maqsad qilgan «Fenerbahche» klubi hujum chizig‘ini chin ma’noda portlatmoqchi! Istanbulliklar jamoaning hujumkorligini oshirish va oldingi chiziqdagi raqobatni kuchaytirish uchun o‘tgan mavsumda Turkiya Superligasi to‘purari bo‘lgan hamyurtimiz Eldor Shomurodovni o‘zlarining bosh transfer nishoni sifatida belgilab olishdi.

Aqlbovar qilmas taklif: 3 ta yulduz + Naqd pul!

«Fenerbahche» klubi prezidenti Aziz Yildirim o‘zbek hujumchisiga shaxsan qiziqish bildirmoqda. Jamoa bosh murabbiyi Ismoil Kartal ham Eldorning nomzodini to‘liq ma’qullaganidan so‘ng, klub rahbariyati «Istanbul Bashakshehir» uchun umuman kutilmagan va dahshatli taklif tayyorladi.

Shomurodovni qo‘lga kiritish uchun «Fenerbahche» bir yo‘la uchta top-futbolchisini voz kechishga tayyor:

  • Chengiz Under (Turkiya milliy terma jamoasi a’zosi)

  • Chag‘lar Suyunju (Turkiya milliy terma jamoasi a’zosi)

  • Rodrigo Bekao (Braziliyalik tajribali himoyachi)

Bundan tashqari, Aziz Yildirim ushbu uch yulduzning ustiga «Bashakshehir»ni qoniqtiradigan darajada kattagina badal puli ham qo‘shib berishni rejalashtirgan. «Fenerbahche» rahbariyati Eldorni olish orqali hujumni kuchaytirish bilan birga, hozirgi tarkibdagi ayrim hujumchilardan voz kechib, jamoani qisqartirmoqchi.

Eldorning narxi osmonga uchdi: 5.8 milliondan 15 milliongacha!

Turkiyaning nufuzli sporx.com va fotomac.com.tr saytlarining xabar berishicha, Aziz Yildirim klub prezidentligi saylovi oldidan muxlislarga bergan va’dasini bajarish, ya’ni jamoaga Vedat Muriki va Eldor Shomurodov juftligini olib kelish uchun bor kuchini safarbar qilgan.

Biroq «Bashakshehir» o‘z to‘purarini osonlikcha qo‘yib yubormoqchi emas. Zero, ular Eldorni «Roma»dan sotib olish uchun anchagina xarajat qilishgan edi.

Shomurodov transferi raqamlarda:

Transfer bosqichlari va holati

Summa (Yevroda)

O‘tgan yozdagi bir yillik ijara haqi

3 million €

«Roma»dan to‘liq sotib olish badali

2,8 million €

«Bashakshehir» sarflagan jami mablag‘

5,8 million €

Eldorning Transfermarktdagi hozirgi qiymati

7 million €

«Bashakshehir» so‘rayotgan yangi rekord narx

15 million €

Yakunlangan mavsumda raqiblar darvozasiga naqd 22 ta gol urgan Eldorning bozori ayni paytda juda qizigan. Avvaliga hujumchi uchun 10 million yevro so‘ragan «Bashakshehir» rahbariyati, unga bo‘lgan da’vogarlar soni ortib borayotganini ko‘rib, narxni birdaniga 15 million yevroga ko‘tarib oldi.

Muzokaralar hafta oxirida boshlanadi

Aziz Yildirim shu hafta oxirida «Istanbul Bashakshehir» xo‘jayini Gyoksel Gyumyushdag‘ bilan shaxsan uchrashib, ilk rasmiy taklifni o‘rtaga tashlaydi.

Lekin «Fenerbahche» bu yo‘lda jiddiy kurashishiga to‘g‘ri keladi. Chunki Eldor Shomurodovga Turkiyaning yana bir grandi «Trabzonspor» hamda Saudiya Arabistoni klublaridan ham juda jozibali va moliyaviy tomonlama baquvvat chorlovlar mavjud. Ko‘ramiz, hamyurtimiz yangi mavsumni qaysi grand safida boshlarkin? Navbatdagi yangiliklarni bizda kuzatib boring!

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar