Alisher Qodirov O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilarini keskin tanqid qildi

Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov O‘zbekiston milliy terma jamoasining so‘nggi o‘yinlariga munosabat bildirib, futbolchilarning maydondagi harakati va jamoa tarkibini tanqid qildi.
Uning fikricha, terma jamoa a’zolari avvalo o‘z sha’ni va g‘ururi uchun o‘ynashi kerak. Qodirov raqiblar sifat jihatidan keskin ustun bo‘lmaganini, ammo O‘zbekiston futbolchilarida kerakli darajada fidoyilik ko‘rinmaganini aytdi.
Siyosatchi jamoa tarkibini shakllantirishda «xizmat ko‘rsatgan» futbolchilarga tayanishdan voz kechib, yoshlarga imkoniyat berish zarurligini bildirdi. U Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullayev va Behruz Asqarov kabi futbolchilar atrofida yangi jamoa qurish mumkinligini ta’kidladi.
Qodirov, shuningdek, terma jamoada malakali darvozabon yetishmayotganini ham alohida qayd etdi.
Uning fikricha, hozirgi tarkib bilan Osiyo Kubogida katta natijalarni ko‘zlashdan ko‘ra, keyingi Jahon chempionati saralash bosqichiga kuchli jamoa tayyorlash muhimroq.
Alisher Qodirov hozirgi darajada O‘zbekiston terma jamoasi Osiyoning yetakchi jamoalari qatoriga kirishga hali tayyor emasligini bildirdi.































Izohlar 0
…