To‘ydan mast chiqqan 60 yoshli erkak avtobusni olib qochdi

Surxondaryo viloyati Angor tumanida to‘ydan mast holda chiqqan 60 yoshli erkak g‘alati jinoyatga qo‘l urdi. U obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli avtobusni olib qochib, boshqa tumangacha haydab borgan.
Ma’lum bo‘lishicha, erkak to‘yga borib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Keyin tashqariga chiqqan vaqtida yaqin atrofda turgan “Isuzu” avtobusini ko‘rgan.
Avtobus Angor tumani obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli bo‘lgan. Haydovchi ishchilarni manzilga olib kelgach, avtobus eshigini ochiq qoldirib, ularning oldiga ketgan. Kalit ham transport vositasida qolgan.
Haydovchi birozdan so‘ng avtobusni begona kishi boshqarib ketayotganini ko‘rib qolgan. Uni to‘xtatishga ulgurmagan va zudlik bilan “102” raqamiga xabar bergan.
Shundan keyin ichki ishlar xodimlari qidiruv ishlarini boshlagan. Avtobus Muzrabot tumani hududida yo‘l to‘silib, to‘xtatilgan.
Qayd etilishicha, qochish vaqtida erkak avtobusni hatto qarama-qarshi yo‘nalishda boshqargan. U sudda aybiga iqror bo‘lgan va o‘sha kuni mast bo‘lgani sababli qilgan harakatlarini to‘liq eslay olmasligini aytgan.
Sud erkakni transport vositasini olib qochishda aybdor deb topdi. Unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.






























Izohlar 0
…