Toshkentda bir dona shar tufayli to‘rtta tumanda chiroqlar o‘chib qoldi

19 oktyabr kuni kechqurun Toshkentning to‘rtta tumanida elektr ta’minotida uzilish kuzatildi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bunga Qibray tumanida joylashgan «Aksa Toshkent» issiqlik elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushishi sabab bo‘lgan. Hodisa soat 19:05 da sodir bo‘lgan. Shar qurilmaga tushgach, stansiyaning himoya tizimi ishga tushgan. Natijada elektr stansiyasining quvvati 460 megavattdan 185 megavattgacha pasaygan. Bu esa poytaxtning ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha uzilishiga olib kelgan.
Uzilish Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida kuzatilgan. Mutaxassislar elektr ta’minotini tiklash uchun tezkor choralar ko‘rgan.
Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar tomonidan zarur choralar ko‘rilgach, elektr ta’minoti 33 daqiqa ichida to‘liq tiklangan.
Hodisa oddiy pufak ham elektr infratuzilmasi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.































Izohlar 0
…