Qamashida 3 yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisining o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxs 5 yilga qamaldi

Joriy yilning 4 iyun kuni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi xususiy bog‘chada 3 yoshli tarbiyalanuvchi qizchaning avtomobil ichida qolib ketishi oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat bo‘yicha sud hukmi chiqarildi. Bog‘chani amalda boshqarib kelgan shaxs 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Kun.uz sud hujjatiga tayanib xabar berdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Aziz Ochilov 2023 yil dekabr oyida otasi nomiga oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochgan va uni amalda o‘zi boshqarib kelgan. Bog‘chada ikki guruhga jami 50 nafar tarbiyalanuvchi qabul qilingan.
Ochilov bolalarni o‘zining Kia Carnival rusumli avtomobilida uylaridan bog‘chaga olib kelgan. 4 iyun kuni ertalab ham tarbiyalanuvchilarni muassasaga yetkazgan. Bolalarni mashinadan tushirib, tarbiyachiga topshirganidan so‘ng, ularning barchasi tushganini tekshirmasdan va sanamasdan avtomobil eshiklarini qulflab, ketgan. Biroq 2023 yilda tug‘ilgan Madina Zayniddinova mashina salonida qolib ketgan.
Qizaloq bir necha soat davomida yopiq avtomobil ichida qolgan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, organizmning umumiy qizib ketishi natijasida o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi yuzaga kelgan va bola vafot etgan.
Sudda Ochilov bolalarni mashinadan tushirayotganda sanamaganini tan olgan. Uning ko‘rsatmasicha, qizaloqning bog‘chada yo‘qligi haqida soat 16:00 atrofida turmush o‘rtog‘i qo‘ng‘iroq qilib xabar bergan. U bog‘chaga yetib borganida, qizaloqqa tez tibbiy yordam xodimlari yordam ko‘rsatayotgan bo‘lgan. Keyin bola shifoxonaga olib borilgan, ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Sud jarayonida bog‘cha faoliyati bilan bog‘liq moliyaviy qonunbuzilishlar ham aniqlangan. Jumladan, amalda ishlamagan shaxslarni soxta hujjatlar orqali xodim sifatida rasmiylashtirib, budjet mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari fosh etilgan. Yetkazilgan moddiy zarar sud jarayonida to‘liq qoplangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tuman sudida mazkur ish 14 oktyabr kuni ko‘rib chiqilgan. Sud hukmi bilan Aziz Ochilov Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi, 167-moddasi 2-qismi va 228-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.
Unga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan 3 yil muddatga mahrum qilish bilan birga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyada o‘tashi belgilangan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…