22:40 / 11.06.2018
5 870

Gulnora Karimovaning millionlari O‘zbekistonga qaytarilishi mumkin

Gulnora Karimovaning millionlari O‘zbekistonga qaytarilishi mumkin
O‘zbekiston Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan 810 million AQSh dollariga ega bo‘lishi mumkin, deb yozmoqda «Daryo».

Shveysariya hukumati Gulnora Karimovaga tegishli deb taxmin qilinayotgan pullarni O‘zbekistonga qaytarmoqchi. Ma’lumot Toshkent va Bern o‘rtasida kechayotgan muzokaralarga aloqador shveysariyalik amaldorlardan biri tomonidan taqdim qilingan. Amaldor o‘z shaxsini oshkor qilishni istamasligini bildirgan.

«Muzokaralar yetarli darajada uzoq davom etdi. Ma’lumki, bu pullarga bir qancha da’vogarlar bor. Birinchi nomzod — O‘zbekiston hukumati, ikkinchisi — AQSh, uchinchisi — Zeromax kreditorlari. Karimova va uning sheriklari o‘zlarining moliyaviy firibgarliklarini Amerika dollarlarida amalga oshirgani va bunda Qo‘shma shtatlar bank tizimidan foydalanganini da’vo qilayotgan AQSh adliya vazirligi pullarning bir qismini qo‘lga kiritishi mumkin. Zeromax kreditorlari esa kompaniyaning asl egasi Karimova bo‘lganini tergovga hozircha isbotlay olgani yo‘q. Shuning uchun, Zeromax’ning pullarga ega bo‘lish ehtimoli deyarli yo‘q», — deya amaldor vaziyatni izohlagan.

Amaldorning so‘zlariga qaraganda, hozirda Shveysariya hukumati muzlatilgan pullarning haqiqiy egasi O‘zbekiston, degan xulosaga kelgan.

Shveysariya prokuraturasining matbuot xizmati ish bo‘yicha tafsilotlarni oshkor qilishdan bosh tortdi. Matbuot xizmati buni jinoyat ishining hali o‘z yakuniga yetmagani bilan izohladi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi Forumlar saroyi va «Bunyodkor» stadionini qurish uchun Zeromax GmbH kompaniyasi 20 dan ortiq Shveysariya kompaniyalari bilan shartnomalar tuzgan. 2010 yil 28 oktyabrda Zeromax o‘zini kasodga uchraganini ma’lum qilgan. Yevropalik kreditorlar esa Karimovaning muzlatilgan aktivlari hisobidan qarzlarning qaytarilishini so‘rab arz qilgan. Qarzning umumiy miqdori 5 milliard dollarni tashkil qilgan. Kreditorlar Zeromax’ning haqiqiy egasi Gulnora Karimova ekanini aytgan. Kompaniyaning sobiq ijrochi direktori Mirodil Jalolov ayni paytda O‘zbekistondagi qamoqxonalardan birida jazo muddatini o‘tamoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bergan ma’lumotlarga qaraganda, 2015 yilning avgustida Toshkentdagi sud Karimovani soliqlarni to‘lashdan bosh tortish, o‘g‘irlik, pul undirish va ofshor kompaniyalarining hujjatlarini yo‘q qilishda aybdor deb topib, 5 yil muddatga uy qamog‘i jazosiga hukm qilgan. Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan yana bitta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimovaning millionlari O‘zbekistonga qaytarilishi mumkin