08:02 / 30.09.2018
9 499

“Tramadol” va “Lirika” savdosi. Vaziyat keskinlashmoqda (video)

“Tramadol” va “Lirika” savdosi. Vaziyat keskinlashmoqda (video)
Toshkentda yashovchi fuqarolardan Kun.uz tahririyatiga dorixona va koʻchalarda psixotrop (aslida kuchli ogʻriq qoldiruvchi) dori vositalarining noqonuniy oldi-sotdisi avj olib ketganligi haqida murojaatlar kelib tushdi. Xat mualliflari tabletka giyohvandligiga chalinganlar orasida yoshlar va oʻsmirlar soni kun sayin koʻpayib borayotganligi, bu dorilar kuppa-kunduzi ochiq joylarda erkin sotilayotgani haqida bayon qilgan.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida, murojaatda taʼkidlangan Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi “Shuhrat” nomi bilan tanilgan, “Qatortol” va “Kichik Halqa yoʻli” kesishgan chorrahaga bordik. Yoʻlning Chilonzor metro stansiyasi tomon ketgan chetida, quyoshdan pana joyga yigʻilib turgan toʻrt-besh nafar erkak-ayoldan iborat guruhlarga koʻzimiz tushdi. Ular “tabletka giyohvandlari”ning hojatini chiqarishar, mashinada kelgan xaridorlarning mashinadan tushishiga ham zarurat qoldirishmasdi. Shunday qilib, “tabletkafurush”larning faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi kishining oʻzi yoʻqligiga iqror boʻldik.

[media=]

Ular shifokor tavsiyaga koʻra, bemorlarga beriladigan kuchli ogʻriq qoldiruvchi analgetiklar - “tramadol”ning bir qutisini 15 ming soʻmdan, “lirika”ni esa 20 ming soʻmdan pullashmoqda. Goʻyoki, dori uchun kelgan kishi boʻlib, “tabletkafurush”lar bilan suhbatga qilishga harakat qildik. Eʼtirof etishlaricha, bunday dorilarni pullayotganlar kuniga 200 ming soʻmdan 1 million soʻmgacha daromad qiladi, lekin bozor har kuni bir xil boʻlavermaydi.

“Tramadol” va “Lirika” qanday dori vositalari?

“Tramadol dori vositasi – «narkotik analgetik” deb ataladi. Oʻz tarkibida “opiy” guruhiga mansub boʻlgan narkotiklarni saqlaydi va albatta tibbiy maqsadda qoʻllanishi lozim boʻlgan dori vositasi hisoblanadi. “Lirika” – (Pregabalin) – tutqanoqqa qarshi vosita, gamma-aminomoy kislotasi hosilasi. Pregabalin ogʻriq qoldirish xususiyatiga ham ega, shuning uchun bu dori nevralgiyaga chalingan bemorlarga buyuriladi.

Oliy toifali shifokor narkolog Furqat Bahromovning soʻzlariga koʻra, bu dorilar shifokor nazoratisiz, oʻzboshimchalik bilan isteʼmol qilinsa, oʻziga nisbatan qaramlikni keltirib chiqaradi va ularni isteʼmol qilganlar passiv giyohvandga aylanadi. Ular ham ruhan, ham jismonan tanani bardam his qilish uchun shunday dorilarni muntazam ravishda isteʼmol qilishga majbur boʻladi. Eng yomoni, dastlab bir sutkada bitta tabletka isteʼmol qilgan shaxs, keyinchalik oʻn-oʻn beshta, maʼlum muddatdan soʻng elliktagacha dori isteʼmol qilish darajasiga yetib boradi. Natijada inson organizmi va ruhiyatida kuchli oʻzgarishlar yuz beradi, qolaversa, bunday psixotrop moddalar meʼyoridan ortiq isteʼmol qilinsa, bepushtlikka ham olib boradi.

“Qaramlikning ham ikki turi mavjud: jismoniy va ruhiy. Jismoniy qaramlikda tabletka qabul qilmagan paytda boʻgʻimlarda ogʻriq turadi, ishtaha yoʻqolishi, koʻngil aynishi, surunkali ich ketish, yurak ogʻrigʻi kuzatiladi. Ruhiy qaramlikda esa tabletka isteʼmol qilmagan paytda uyqusizlik, qoʻzgʻaluvchanlik, jahldorlik, agressivlik, qoʻli ishga bormaslik holatlari avj oladi”, – deydi Furqat Bahromov.

Bu “tabletkafurush”lar kim?

“Shuhrat” chorrahasi Chilonzor tumanidagi aholi eng gavjum boʻladigan joylaridan biri hisoblanadi. Uning tevaragida 4ta universitet, 2 ta maktab va 3ta bogʻcha joylashgan. Kollej va institut talabalari bu yerdagi dorifurushlarning doimiy xaridoriga aylanishgan. Ular orasida maktab oʻquvchilariga ham koʻzingiz tushadi. Albatta, dorini qidirib, Toshkentning boshqa tumanlaridan ham yosh yigitlar kelmoqda.

Bu chorraha ilgari oʻzining “tungi kapalak”lari bilan mashhur boʻlgandi. IIBning qattiq nazorati sababli vaziyat birmuncha yumshadi, IIB nazorat punkti kun-u tun faoliyat olib bormoqda. “Kapalak”lar masalasiga nuqta qoʻyilmagan boʻlsa-da, uning chorrahadan nari ketgani kuzatiladi. Toshkent shahri boʻyicha yagona “oʻgʻri bozor” ham shu chorrahada joylashgan. Xullas, “Shuhrat”da oʻgʻirlangan telefon savdosi yoki fohishalik bilan shugʻullanib bir zumda ichki ishlar xodimining “qoʻli”ga tushish mumkin.

Dori savdosida esa jinoiy javobgarlik yoʻq, sotuvchilar hatto inson huquqlaridan soʻz ochib, ichki ishlar xodimlari bilan “qaysi qonunda taqiqlangan?”, deb tortishadi. Dori savdosi bilan alohida litsenziyaga ega, oliy maʼlumotli shaxslar shugʻullanishi haqidagi talab esa oʻlda-joʻlda qolib ketgan. Muammo chiqadigan boʻlsa, sal narida mashinada oʻtirgan “akaxon”lar kelib, gapga aralashadi. Aytgancha, koʻchada dori sotib turgan sattang ayolning koʻrinmas qoʻriqchilari bor. Shu tufayli, ularga jurnalist ekanimizni aytishdan ham xavfsiradik.

“Ular shu darajada hech narsadan qoʻrqmaydigan boʻlib ketishganki, oʻn olti yoshli farzandimni nonga chiqarsam, uni toʻxtatib dori taklif qilishibdi, «senga arzon qilib beramiz, tatib koʻr”, deyishibdi. Ular oʻzlari bilan pichoq va elektroshoker olib yurishadi. Bu nimasi? Endi bolalarimizni nonga ham chiqara olmaymizmi?», deydi koʻcha yoqasida joylashgan 10-uy xonadon egasi.

“Har kuni uyimiz oldida ikki-uchtasi choʻzilib yotadi. Ular hali oʻn gulidan bir guli ham ochilmagan bolalar-ku. Ularni koʻrib ichim achishadi, men ham axir onaman. Militsiya xodimlari har kuni shu yerda. Kuniga bu sotuvchilardan oʻn-oʻn beshtasini ushlab olib ketishadi, bir soat oʻtmay jarimasini toʻlab chiqib yana sotishyapti. Psixotrop dori sotayotganlarni jinoiy javobgarlikka tortadigan qonun qabul qilinmasa, kelajak avlod xavf ostida qoladi”, deydi mahalla faoli.

Biz bu borada izoh olish uchun Chilonzor tumani IIBga murojaat qildik. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati “bu dori vositalarini sotayotganlarga nisbatan hech qanday qonuniy chora” koʻra olmasliklarini aytishdi. “Bu bizning vakolatimizga kirmaydi”, degan javob bilan ichki ishlar xodimi gapni qisqa qildi.

Bu kimning vakolatiga kiradi?

“Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat komissiyasi tomonidan ishchi guruh tuzilgan boʻlib, uning zimmasiga «Tramal” (Bu dorilar Yevropada shu nom bilan mashhur boʻlgan) dori vositasi ustidan nazoratni kuchaytirish vazifasi yuklatilgan. Huquqni himoya qilish organlari, sud kimyo laboratoriyalari, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari ishtirokida “Tramal” dori vositasini giyohvandlik vositalari roʻyxatiga kiritish boʻyicha taklif tayyorlandi. Hozirda bu taklif tegishli idoralar tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqilmoqda. Yaqin kunlarda “Tramal” dori vositasi ushbu roʻyxatga kiritiladi deb oʻylayman», – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Narkotiklar nazorati qoʻmitasi raisi Ismatjon Azizov.

Uning taʼkidlashicha, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar boʻyicha ehtiyojni aniqlash tartibi mavjud va bu kabi dorilar shu ehtiyoj doirasidagina respublikaga olib kiriladi. “Tramal” dori vositasi roʻyxatga kiritilmagan, lekin preparatning ehtiyoj miqdori belgilanadi. “Lirika” dori vositasi esa 2014 yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasiga qonuniy tarafdan bir dona ham kiritilmagan. Uning qaysi yoʻllar bilan kirib kelayotgani rasman maʼlum emas.

Ismi sir qolish sharti bilan Kun.uz muxbiriga maʼlumot bergan manbaning taʼkidlashicha, “Lirika”ning Oʻzbekistonga kirib kelishi katta biznes piramidasi ustida amalga oshirilgan. Masalan, Toshkent shahri va Fargʻona vodiysi boʻylab tarqatilayotgan “Lirika”ni yetkazib beruvchilar, dorilarni Turkiyadan Oʻzbekistonga Qozogʻiston va Qirgʻiziston bilan tutash chegara hududidagi aylanma yoʻllar orqali olib kirishadi. Bu borada Davlat bojxona qoʻmitasi va DXX Chegara qoʻshinlari munosabati qanday boʻladi? 2014 yildan buyon rasman Oʻzbekistonga olib kirilmagan dorining Chilonzor tumanida bozori paydo boʻlgani kimnidir oʻylantiradimi?

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2017 yilda Toshkent shahri boʻyicha umumiy giyohvandlikning 67,6 foizini “tabletka giyohvandligi” tashkil qilgan. Xoʻsh, bu koʻrsatkich shu darajaga yetib kelishiga kim aybdor? Mazkur dori vositalarini respublikamiz hududiga kimlar va qay yoʻllar bilan olib kirmoqda? Yosh avlodni zaharlayotgan “oshigʻi olchi” sotuvchilarga nisbatan keskin choralar koʻrish vaqti yetib kelmadimikan? Mana shunday ogʻriqli savollarni koʻplab berish mumkin. Ammo asosiysi, bu savollarga javob topish va jamiyatni halokat sari yetaklaydigan mazkur illatga qarshi tezroq chora koʻrishdir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Tramadol” va “Lirika” savdosi. Vaziyat keskinlashmoqda (video)