00:15 / 02.08.2020
1 101

Yana besh kishi koronavirusdan vafot etgani xabar qilindi

Yana besh kishi koronavirusdan vafot etgani xabar qilindi
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 1 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbari Musa Yerniyazovning vafotini tasdiqlab, undan tashqari koronavirusdan yana 5ta o‘lim holati haqida xabar berdi.
Beshala holat ham O‘zbekistonda koronavirus o‘chog‘i bo‘lib turgan poytaxt Toshkent shahrida qayd etilgan, barcha holatlar yoshi 50dan oshgan bemorlar bilan bog‘liq.

Umuman, vazirlik statistikasiga kiritilgan 147ta o‘lim holatining 93tasi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda.

Birinchi o‘lim. Sergelida yashagan, 26 iyul kuni koronavirus aniqlanib shifoxonaga yotqizilgan 75 yoshli erkak vafot etdi.
Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 75 yoshli K.X. (erkak)da joriy yil 26 iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va og‘ir holatda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan.

Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Olmazor tumanida yashagan 67 yoshli ayol koronavirus qurboni bo‘ldi. U dastlab uy sharoitida davolangan, alomatlar kuchaygach 20 iyulda shifoxonaga yotqizilgan. Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 67 yoshli M.T. (ayol)da 12 iyul kunidan tana harorati ko‘tarilgan, uy sharoitida davo muolajalarini olgan.

20 iyul kuni esa nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan. Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Yakkasaroy tumanida yashagan, bir necha yil oldin buyrak transplantatsiyasini boshdan o‘tkazib, doimiy gemodializ olib yurgan 59 yoshli ayol koronavirusdan vafot etdi.
Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yashagan 59 yoshli M.M. (ayol)da 15 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan.

Bemorda 2014 yil buyrak transplantatsiyasi amaliyoti bajarilgan bo‘lib, 2017 yilda ko‘chirib o‘tkazilgan buyrak o‘z vazifasini bajarishdan to‘xtagan va u doimiy gemodializ olib yurgan.

Shuningdek, bemorda qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, surunkali buyrak yetishmovchiligi, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.
Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir hamda poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Shayxontohur tumanida yashagan, nafas yetishmovchiligi kuchaygan 20 iyulda kasalxonaga yotqizilgan 67 yoshli erkak olamdan ko‘z yumdi.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 67 yoshli Q.N. (erkak)da 20 iyul COVID-19 tasdiqlangan va nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib, Zangiota tumanidagi ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bundan tashqari, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Uchtepa tumanida yashagan, 25 iyulda shifoxonaga yotqizilgan 64 yoshli erkak vafot etdi.
Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashagan 64 yoshli A.T. (erkak)da 25 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kun davomida tana harorati ko‘tarilib nafas yetishmovchiligi kuchaygani sababli yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik nafas yetishmovchiligining 3-darajasi hamda o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziyaning 3-darajasi va semizlikning ham 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Shu tariqa, Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy statistikasida o‘lim holatlari soni 147taga yetdi. Ammo vazirlik statistikasida O‘zbekistondagi barcha o‘lim holatlari ham o‘rin olmayapti.

1 avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov 58 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etdi. Shuningdek, Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov 31 iyul kuni, 53 yoshida pandemiya qurboni bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)