09:50 / 31.10.2020
1 232

Koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun O‘zbekistonga 8 nafar germaniyalik mutaxassis keldi

Koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun O‘zbekistonga 8 nafar germaniyalik mutaxassis keldi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Koronavirusga qarshi kurashda o‘zbekistonlik shifokorlarga ko‘mak berish va o‘zaro tajriba almashish maqsadida Germaniyaning Robert Kox institutining 8 nafar mutaxassisidan iborat tibbiy guruh 29 oktabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari Ulug‘bek Sobirov va Abdulla Azizov 30 oktabr kuni delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi. Muloqot davomida qatnashchilar o‘z mamlakatlaridagi pandemiya sharoiti hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan zarur chora-tadbirlar haqida fikr almashdi.

Shuningdek, uchrashuvda COVID-19’ni jilovlash borasida dunyo tajribasida qanday usul va zamonaviy texnologiyalardan foydalanilayotgani muhokama qilinib, o‘zaro tajriba almashildi.

Tashrif rejasiga ko‘ra, germaniyalik shifokorlar Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, shuningdek, viloyatlardagi ushbu sohaga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, koronavirusni tashxislash, nazoratga olish va bemorlarni davolashda mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda ish olib boradi.

Delegatsiya tarkibida Robert Kox institutining rahbar kadrlari hamda epidemiolog, anesteziolog-reanimatolog, infeksionist kabi mutaxassislar bor. Germaniyalik mutaxassislar O‘zbekistonda 12 noyabrga qadar bo‘lishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu kunga qadar koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun O‘zbekistonga Xitoy, Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya va Germaniyadan shifokorlar kelgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun O‘zbekistonga 8 nafar germaniyalik mutaxassis keldi