19:51 / 17.09.2021
1 712

O‘zbekistonda ilk bor korrupsiya va shaffoflikni o‘rganadigan mustaqil NNT tuzildi

O‘zbekistonda ilk bor korrupsiya va shaffoflikni o‘rganadigan mustaqil NNT tuzildi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahlil markazi (“Transparency Uzbekistan”) davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Markazning asosiy maqsadi – jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishiga ko‘maklashish hamda davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik mexanizlarini takomillashtirishdan iborat.

Markaz quyidagi vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan:
– korrupsiyaning sabab va oqibatlari, u yetkazayotgan zarar, shuningdek, uning oldini olish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish;
– korrupsiya darajasi, davlat hokimiyati institutlariga ishonch darajasi va korrupsiyaga qarshi choralar ta’sirini baholash bo‘yicha o‘rganishlar olib borish;
– davlat organlari faoliyatida shaffoflik, haqqoniylik va halollikni ta’minlash bo‘yicha kuchli jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
– O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish hamda qonun ustuvorligi ahvoli haqida muqobil ma’ruzalar tayyorlash va e’lon qilib borish;
– ochiqlik va shaffoflik, korrupsiyaga qarshi kurash, huquq ustuvorligini ta’minlash sohasida xalqaro standartlarni O‘zbekistonda implementatsiya qilish masalalari bilan shug‘ullanish;
– amaldagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini mustaqil ekspertizadan o‘tkazish va natijalarini e’lon qilish.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalarida ushbu tashkilot “aql markazi” sifatida faoliyatini olib boradi.

Markaz Transparency International xalqaro nohukumat tashkilotida akkreditatsiyadan o‘tish va boshqa ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishni, ular bilan hamkorlik qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Ma’lumot uchun. Markaz Toshkent shahri, Mirobod tumani, Tollimarjon ko‘chasi, 1/1-uy manzilida joylashgan.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda ilk bor korrupsiya va shaffoflikni o‘rganadigan mustaqil NNT tuzildi
[/banner_pushhouse