Bloger Farhod Mannopov o‘limi bilan bog‘liq shov-shuvli ish yuzasidan sudda keskin burilish sodir bo‘ldi. Ilk sudda jazo olgan LOR shifokor apellyatsiya tartibida oqlandi va uning qilmishida jinoiy alomatlar topilmadi, deb hisobladi sud. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Bloger 2023 yil 5 mart kuni rinoseptoplastika operatsiyasi vaqtida koma holatiga tushgan va bir necha soat o‘tib vafot etgan edi. Uning o‘limi ortidan jinoiy ish ochilib, jamoatchilikda bu ish katta muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Birinchi instansiya sudi LOR shifokorni 5 yil ozodlikni cheklash va 2 yil tibbiyot sohasida ishlash huquqidan mahrum qilishga hukm qilgan. Biroq u bunday qarordan norozi bo‘lib, apellyatsiyaga shikoyat kiritgan va sud ishi qayta ko‘rib chiqilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Farhod Mannopov “Star Med Center” klinikasida operatsiya chog‘ida anesteziolog shifokor tomonidan yetarli darajada nazorat qilinmagan. Anesteziolog aynan operatsiya paytida ikki marotaba telefonda suhbatlashgan. Bu vaqt mobaynida bemorning tana harorati ko‘tarilib ketganini o‘z vaqtida aniqlay olmagan. Keyinchalik bemorning yuragi bir necha marta to‘xtab, oqibatda u koma holatiga tushgan.
Bemorning organizmida anafilaktik shok — og‘ir allergik reaksiya rivojlangani aniqlangan. Anafilaktik shok novokain dori vositasiga organizmning reaksiyasi natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Ushbu dori eng ko‘p allergik reaksiya keltirib chiqaradigan vositalardan biri hisoblanadi. Ammo anafilaktik shok qanday doridan yuzaga kelganini aniqlash qiyin bo‘lgan.
Guvoh sifatida so‘ralgan allergologlar va tibbiy ekspertlar LOR shifokorga tegishli xatolar aniqlanmaganini bildirishgan. Mudofaa vazirligi mutasaddisi, shuningdek, LOR shifokorning amaliyoti davomida bemorda tana harorati yuqori darajaga ko‘tarilishi holati hech qachon kuzatilmaganini ta’kidlagan.
Apellyatsiya sudi shu va boshqa dalillarni ko‘rib chiqib, LOR shifokorni oqlashga qaror qildi. Uning aybi isbotlanmagani sababli, unga nisbatan jinoiy ish tugatildi. Sud xulosasida ta’kidlanishicha, bemorning funksional holati uchun javobgar shaxs anesteziolog bo‘lgan va LOR shifokorning bunday jarayonlarga aralashish vakolati bo‘lmagan.
Qolaversa, apellyatsiya sudi avvalgi sud jarayonida LOR shifokor bemorni operatsiyaga tezroq rozi qilishga uringan degan xulosani ham asossiz, deb topdi. Aksincha, blogerning o‘zi operatsiyani tezlashtirishni so‘ragan, chunki u chet elga safar qilish uchun aviachipta olgani, buni topshirgani va shifokor bilan shartnoma asosida bepul operatsiya qilish bo‘yicha kelishgani aniqlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar jarayonida ham LOR shifokorning harakatlarida o‘limga olib keluvchi xatoliklar qayd etilmagan. Bu holat ham sud qarorini o‘zgartirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Marhum bloger Farhod Mannopov "Mittivine" taxallusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritgan va ko‘plab muxlislar orttirgan. U boshidan olgan jarohat tufayli burnida muammolar yuzaga kelib, operatsiya uchun klinikaga murojaat qilgan. Ammo operatsiya paytidagi nazorat yetishmovchiligi va shubhali dori ta’siri uning hayotiga zomin bo‘lgan.
Sud jarayoni 2023 yil sentyabrda boshlangan va oktyabrda yopiq tarzda davom etgan. Bugun esa, bir necha oylik tergov va qayta ko‘rib chiqishlardan so‘ng, shifokor oqlandi. Bu esa jamoatchilikda yangi bahs va mulohazalarga sabab bo‘lishi turgan gap.
Bu voqea — shifokorlar mas’uliyati, tibbiy xato va nazoratning qanchalik muhimligini yana bir bor eslatib turibdi. Har qanday jarrohlik amaliyotida inson hayoti faqat bitta mutaxassis emas, butun jamoa zimmasida bo‘ladi. Shu bois, kelgusida bunday fojialar takrorlanmasligi uchun har bir mutaxassis o‘z ishiga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashishi shart.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!