19:46 / 28.09.2021
5 350

Tomoshabinni ekrandan ko‘z uzmay ko‘rishga undovchi qiziqarli turk seriallari (video)

Tomoshabinni ekrandan ko‘z uzmay ko‘rishga undovchi qiziqarli turk seriallari (video)
Meksika, Braziliya teleseriallari va koreys dramalari so‘nggi yillarda o‘z o‘rnini mashhur bo‘lib kelgan turk melodramalariga bo‘shatib berdi. Ularda hayajonli sevgi hikoyalari, oilaviy intrigalar va albatta, aql va his-tuyg‘ular o‘rtasida qiyin tanlovni ko‘rish mumkin.

«Sevgi iztirobi»

«Sevgi iztirobi» dramasi tomoshabinlar orasida yuqori reytingni qo‘lga kiritdi, nafaqat Turkiyada, balki dunyo bo‘ylab mashhurlikka erishdi. Masalan, 2017 yilda serial «Eng yaxshi telenovella» nominatsiyasida «Emmi» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Serial butunlay boshqacha olam va ijtimoiy kelib chiqishi turlicha bo‘lgan ikki sevishgan haqida hikoya qiladi.

Nihon – inqiroz arafasida turgan boy tadbirkorning qizi, Kamol oddiy sartaroshning o‘g‘li. Ular muhabbatining kelajagi bormi? Bundan tashqari, Nihonga aqldan ozar darajada oshiq Amir uchun otasi G‘olibbey jinoyat qilishga qodir. U Nihonning otasi O‘nderni qo‘rqitib, Nihon va Amirning to‘yiga rozilik oladi.

«Eshigimni qoq»

Yoz mavsumi uchun ajoyib va romantik serial – «Eshigimni qoq» dramasi. Mazkur serial ham Turkiyaga qaraganda boshqa davlatlarda yuqori reytingga erishdi.

Serial qahramoni Edaning ko‘plab sevimli mashg‘ulotlari bor, lekin uning asosiy ishtiyoqi peyzaj dizayniga qaratilgan. U ota-onasi vafotidan keyin butun kuchini ta’limga bag‘ishlaydi. Eng yaxshi talaba sifatida Italiyada amaliyot uchun grant oladi. Ammo orzusi amalga oshmaydi: oxirgi lahzada qiz stipendiyasidan mahrum bo‘ladi. Xafa bo‘lgan qiz o‘z grantini bekor qilgan, yosh tadbirkor va mashhur arxitektura firmasining egasi Serkan Bo‘lat bilan bog‘lanishga urinib, xolasining gul do‘konida ishlay boshlaydi.

Serkan – kelishgan yigit va iqtidorli tadbirkor, lekin u o‘z ishida mutlaqo pragmatik va barcha his-tuyg‘ular unga begona. Eda Serkan bilan yuzma-yuz gaplashishga qaror qiladi. Bu uchrashuv bir qator sarguzashtlarga aylanadi va natijada Serkan shuhratparast Edaga g‘ayrioddiy shartni taklif qiladi: u qizni kelin qilib ko‘rsatishi evaziga va’da qilingan amaliyot uchun pul to‘laydi.

«Zolim Istanbul»

Sulola urushlari, oilaviy intrigalar, urf-odatlar va his-tuyg‘ular orasidagi tanlov turk seriallarining asosiy mavzularidir. «Zolim Istanbul» dramasi syujetining markazida kuchli sulola – Karachay haqida hikoya bor.

Ishbilarmon Agax Karachay logistika kompaniyasini boshqaradi, hashamatli mashinasi bor, katta hisob raqamlariga ega va Istanbuldagi eng go‘zal ayolga uylangan. Agaxning o‘g‘li Jenk AQSHning nufuzli universitetida o‘qiydi va o‘qishni tugatgach, otasining biznesini boshqarishi kerak. Agax bundan bir necha yil oldin uyining tomidan sirli tarzda yiqilib, nogironlar aravachasida qolgan kasal jiyani Nedimga ham g‘amxo‘rlik qiladi. Bir kuni Karachay umidsiz Nedimga xotin topishga qaror qiladi va uning tanlovi kambag‘al oiladan bo‘lgan qizga tushadi. Agax kelinni Nedim va bo‘lajak qarindoshlari bilan tanishish uchun o‘z oilasi bilan uyida yashashga taklif qiladi. Kutilmaganda Jenk Amerikadan qaytib, qizga oshiq bo‘ladi...

«Ertug‘rul»

«Muhtasham yuz yil»ning muxlisiga aylanganlarga «Ertug‘rul» serialini tomosha qilish tavsiya etiladi. Ushbu serial Turkiya tarixiga chuqur kirib boradi va qudratli Usmonli imperiyasi tuzilishidan oldingi voqealar haqida hikoya qiladi. Serial 1225 yil voqealari bilan boshlanadi. Yosh jangchi Ertug‘rul — Kayi qabilasi yetakchisi Sulaymon Shohning o‘g‘li, ov paytida uchta mahbusni qutqarish uchun salibchilar guruhi bilan jang qiladi. Ularning kimligini aniq bilmay, o‘z qarorgohiga taklif qiladi, chunki mehmondo‘stlik har doim qabilaning asosiy an’analaridan biri bo‘lgan. Bir tarafda musulmonlar bir-biri bilan jang qilmoqda, Papa Yevropa knyazlarini Quddusga yangi yurish qilishga chaqirmoqda. Kayilarning o‘zi esa zudlik bilan yangi joyga ko‘chib o‘tishlari kerak, aks holda ular ochlikka duch keladi. Sulaymon Shoh Halab amiri al-Azizdan eng yaxshi jangchilari evaziga yer so‘rashga qaror qiladi. Uzoq vaqtdan beri hokimiyatni orzu qilayotgan Sulaymonning o‘g‘illaridan biri – jasur Ertug‘rul yoki Kundog‘du al-Aziz bilan kelishuvga borishi kerak.

«Quzg‘un»

Eng mashhur turk aktyorlaridan biri Barish Arduch o‘tmish sirlari va umidsiz qasos haqidagi «Quzg‘un» teleserialida rol o‘ynagan. Quzg‘unning otasi Yusuf hech qachon pora olmagan, yaxshi va halol politsiyachi. Uning eng yaxshi do‘sti va sherigi bor, unga to‘liq ishonadi. Ammo bir kuni Rifat do‘stining fojiali o‘limiga sabab bo‘ladi. Bu qo‘rqinchli voqeadan so‘ng Yusufning rafiqasi va bolalari shaharni tark etadi va Quzg‘un 20 yil Istanbuldan uzoqda yashaydi. Uni oldinda og‘riq, azob-uqubat va qasosga chanqoq to‘la qiyin hayot kutmoqda. Va endi Quzg‘un voyaga yetganida vatanga qaytishga, jinoyatchini jazolashga va undan hamma narsani olishga tayyor. Poytaxtda Quzg‘un Dila – bolaligida sevib qolgan qiz bilan uchrashadi. U advokat bo‘lib ishlaydi. Ularning oralarida his-tuyg‘ular yangitdan kuchayadi, lekin muammo shundaki, Dila – Rifatning qizi. Dilani xafa qilmasdan Rifatga zarar yetkazish mumkinmi?

«Qo‘limni qo‘yib yuborma»

Azra turkiyalik mashhur kabobchining qizi. Jenk – oziq-ovqat fabrikasiga rahbarlik qiluvchi boy oilaning farzandi. Ular AQSHdan Turkiyaga keladi va chamadonlari chalkashib ketgani uchun aeroportda tanishadi. Azra va Jenk restoran biznesi bilan bog‘liq bo‘lgan boy turk oilalarining farzandlari. Ota-onalari eng yaxshi ta’lim olishi uchun ularni Amerikaga o‘qishga yuborgan. Yoshlar o‘sha universitetga o‘qishga kirgan, lekin hali ham bir-birlarini tanimaydi. Azra oshpazlik ishini o‘rganadi, qandolatchi bo‘lishni va otasi kabi o‘z korxonasini ochishni orzu qiladi. Jenk ota-onasi imperiyasining vorisi bo‘lishni va biznes yuritishni xohlaydi.

Qahramonlarning uchrashuvi kutilmaganda sodir bo‘ladi. Ta’tilda ular mustaqil ravishda o‘qishdan o‘z oilalariga, Istanbulga qaytadi. Avvaliga samolyotda Azra va Jenk o‘rtasida janjal kelib chiqadi, so‘ngra aeroportda ularning yuklari chalkashib ketadi. Agar Jenkning buvisi bo‘lmasa edi, ilk tanishuvdan so‘ng ular bir-birlarini, balki, ko‘ra olmasdi. Xo‘sh, qahramonlar birga bo‘ladimi? Ularning hayoti qanday o‘zgaradi?

«Halqa»

1990 yillar. Ikkita mutlaqo boshqacha yigitlar – Jihangir va Kaan «Halqa» nomli maxfiy jinoiy tashkilotga qarshi kurashga qo‘shiladi. Ular maqsadi yagona – qotillik uchun qasos olish.

Eren Qorabulut ismli odamning o‘g‘li o‘g‘irlab ketiladi va undan pul so‘rashadi. Ota pul olib keladi, lekin u o‘ldiriladi va talon-toroj qilinadi, yana bir bola jinoyat joyida qoldiriladi. Erenning rafiqasi Xumeyra bolani asrab olishga qaror qiladi va uni Kaan deb ataydi.

Oradan 25 yil o‘tatdi. Kaan – o‘g‘rilik uchun besh yilga hukm qilingan yigit. Bir marta politsiyadan uning «otasi»ning o‘ldirilishi aks etgan videoni oladi va buni Erjan Saner va Iskandar Akay qilganini bilib oladi. Jinoyatchilar bu odamni «Halqa» guruhi rahbari Ilxon Tepelining buyrug‘i bilan o‘ldirgan. Komissar anchadan buyon uni qamoqqa tiqish ilinjida va qasos uchun Kaan unga yordam berishi mumkinligini tushunadi.

«To‘qnashuv»

Politsiya xodimi Kadir xotini va qizining o‘limida o‘zini aybdor his qiladi. U baxtsiz hodisa uyushtirib, o‘z joniga qasd qilishga qaror qiladi. Shunday qilib, u nafaqat o‘z hayotini, balki yo‘lda qolgan yana uch kishining hayotini o‘zgartirib yuboradi. Kadir Adali – Istanbul jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi sardori. U dahshatli terakt tufayli xotini va qizidan ayrilgunga qadar oilasi bilan baxtli yashar edi. Kadir sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni his qiladi va bu og‘riqdan omon qololmaydi. U jonini berishga va avtohalokatda o‘lishga qaror qiladi.

«Oramizda kim sevmadi?»

Munir va Adile yoshligida uchrashib, bir-birlarini sevib qolgan, bu hayotda bir marta sodir bo‘ladi. Taqdirning o‘zi ularga birga bo‘lishni aytganday tuyuldi, lekin ayni paytda ularning munosabatlarini qiyin sinovlarga duchor qildi. Afsuski, qahramonlar bu sinovdan o‘tolmadi. Juftlik doimiy ravishda arzimas narsalar uchun janjallashdi. Ammo bir marta bahsning sababi shu qadar jiddiy bo‘ldiki, yoshlar har biri o‘z yo‘lidan ketishi, alohida hayot qurishi kerak edi. Vaqt o‘tadi, sobiq sevishganlar yana uchrashadi va ikkalasi ham tushunadi: ularning his-tuyg‘ulari sovigan emas, lekin turli sharoitlar ularni birlashishiga to‘sqinlik qiladi. Har kimning o‘z majburiyatlari, maqsadlari, bolalari bor...

«Shaxsiyat»

Istanbul politsiyasi Alsgeymer kasalligi bilan kasallangan qotilni qidirmoqda. Bu tergovni bo‘limdagi yagona detektiv ayol — Nevra 65 yoshli Agax bilan birga olib boradi, u sobiq sud-tibbiyot olimi edi.

Nevra Elmas Istanbul politsiya tergov boshqarmasidagi yagona ayol. Erkak hamkasblar unga jamoaning «bezagi» sifatida qaraydi va haqiqiy ishlar o‘rniga Nevra ko‘pincha tenglik haqida gapirib, matbuotga intervyu beradi. Shaharda qotilliklar sodir bo‘lgach, hamma narsa to‘satdan o‘zgaradi va sirli qotil Nevraga xabar qoldiradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Tomoshabinni ekrandan ko‘z uzmay ko‘rishga undovchi qiziqarli turk seriallari (video)