Angliyada ota va qiz tibbiyot oliygohini birga tamomladi

Angliyaning Taunton shahrida yashovchi Saymon Reynolds va uning qizi Emili Franklin tibbiyot sohasidagi oliy ta’limni bir vaqtning o‘zida muvaffaqiyatli yakunladi. Ular Somerset ko‘p tarmoqli universitet markazini birgalikda bitirib, bu bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Bu haqda “Lifehacker” nashri xabar berdi.
Hozirda Saymon Reynolds va Emili Franklin Somerset NHS Foundation Trust jamg‘armasida tibbiy xizmatning turli yo‘nalishlarida mehnat qilmoqda.
31 yoshli Emili Franklinning aytishicha, otasi bilan birga tahsil olish u uchun unutilmas va noyob tajriba bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, birgalikda o‘qish darslar, ish faoliyati va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlashda bir-birlarini yaxshiroq anglash imkonini bergan.
“Otam bilan munosabatlarimiz har doim yaxshi bo‘lgan. Lekin o‘qish jarayonida ish, oila va ta’limni bir vaqtda olib borish qanchalik qiyinligini tushunadigan insonning yoningizda bo‘lishi insonga alohida kuch bag‘ishlar ekan”, deydi Emili Franklin.
Saymon Reynolds esa uzoq yillik tanaffusdan keyin talabalik hayotiga qaytish oson bo‘lmaganini tan oldi. U qariyb 20 yildan buyon sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa-da, dastlab talabalikni boshlashdan xavotirlanganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha marta o‘qishni tashlab ketish haqida o‘ylagan. Biroq qizi va kursdoshlarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli tahsilni davom ettirishga qaror qilgan.
“Bir necha marta o‘qishni tashlash haqida o‘yladim. Ammo Emili va guruhdoshlarim meni ruhlantirib turdi. Qizimning yonimda bo‘lishi men uchun katta yordam bo‘ldi. Ikki nafar farzandni tarbiya qilish bilan birga Emilining erishgan natijalari haqiqatan ham tahsinga loyiq”, dedi Saymon Reynolds.
Emili Franklin esa otasining barcha qiyinchilik va xavotirlarni yengib o‘tganidan mamnun ekanini bildirib, bu voqea inson uchun yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishni boshlashga hech qachon kech emasligini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Psixiatrik yordam bo‘limi rahbari Jez Iglning fikricha, ota va qizning ta’lim jarayonida bir-birini qo‘llab-quvvatlashi butun jamoa uchun ilhomlantiruvchi va ijobiy namuna bo‘lgan.





























Izohlar 0
…