
Kuvaytda boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev va Kuvayt amiri Shayx Mish'al as-Saboh Oʻzbekiston — Kuvayt keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish toʻgʻrisida qoʻshma bayonot qabul qildi.

Shuningdek, quyidagi hujjatlar imzolandi:
- Sanoat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
- Havo qatnovi toʻgʻrisidagi bitimga bayonnoma;
- Mehnat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
- “Aqlli” shaharlarni barpo etish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
- San'at va madaniyat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
- Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
- Turizm sohasida 2025-2027 yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi;
- Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitim.
Oʻzbekiston—Kuvayt munosabatlari
Kuvayt Oʻzbekiston mustaqilligini 1991 yil 30 dekabrda tan olgan. Ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1994 yil iyulda oʻrnatilgan. Kuvayt elchixonasi Toshkentda 2001 yilda, Oʻzbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi esa 2004 yilda ochilgan.
Ikki mamlakat xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar, jumladan, BMT va IHT doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. Ikki davlar Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning ikkita davrasi oʻtkazilgan.
2004 yil 19 yanvarda imzolangan savdo, iqtisodiy, ilmiy va texnik hamkorlikka oid bitimga asosan savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha qoʻshma hukumatlararo komissiyasi tuzilgan. Uning hamraislari etib ikki davlat moliya vazirlari tayinlangan.
2024 yil 16—21 oktyabr kunlari Toshkent shahri, Fargʻona va Sirdaryo viloyatlarida Oʻzbekiston—Kuvayt biznes-forumlari oʻtkazilgandi. Oʻsha yilning may va avgust oylarida Kuvaytda biznes forumlar va Made in Uzbekistan koʻrgazmalari oʻtkazildi.
Shavkat Mirziyoyevning Kuvaytga rasmiy tashrifi arafasida 15 fevral kuni ushbu mamlakat poytaxtida Oʻzbekiston—Kuvayt biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Unda qisqa vaqt ichida ikki davlat aloqalarini sezilarli darajada kengaytirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish imkonini beradigan yangi investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar