Buxoro shahrida soliq organi xodimi xizmat vakolatidan chetga chiqib, pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lumotiga tayangan holda. Holat xususiy korxona shaklidagi MChJ faoliyati bilan bog‘liq.
2024-yil noyabr-dekabr hamda 2025-yil yanvar-fevral oylari uchun mazkur MChJ tomonidan aylanishdan olinadigan soliq va daromad solig‘i bo‘yicha hisobotlar belgilangan muddatda topshirilmagan. Shu sababli, Buxoro shahar soliq inspeksiyasi tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortish qarori chiqarilgan va ushbu qaror asosida MIB Buxoro shahar bo‘limi ijro ishi ochgan.
Keyinchalik esa Buxoro shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi mazkur MChJga nisbatan qo‘llangan jazoni bekor qilgan. Bu bilan birga, MChJ rahbarining mol-mulkiga qo‘yilgan taqiq ham olib tashlanishi kerak edi.
Ammo, Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi sho‘basi bosh inspektori sud qarori mavjud bo‘lishiga qaramay, ushbu taqiqni bekor qilish evaziga MChJ rahbaridan 400 AQSh dollari miqdorida pora so‘ragan. Belgilangan joyda pulni olayotgan vaqtida u DXX va IJQK Buxoro viloyat boshqarmalari tomonidan ushlangan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, inspektorga nisbatan jinoyat ishi ochilgan va ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda. Vakolatli organlar tomonidan holat to‘liq o‘rganilmoqda.
Davlat xizmatlarida ochiqlik va halollik tamoyillari asosiy mezon etib belgilangan bo‘lib, bunday suiiste’mol holatlariga qat’iy huquqiy baho berilishi ta’kidlandi. Endi inspektor qilgan harakati uchun qonun oldida javob beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!