O‘zbekistonda gazdan foydalanishni nazorat qilish va shaffoflashtirish maqsadida yangi UGaz axborot tizimi ishga tushirildi. Bu tizim “Yagona integrator – Uzinfocom” tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyatini real vaqtda nazorat qilishga xizmat qiladi.
UGaz tizimini joriy etish 2024 yil 6 iyulda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror asosida amalga oshirilmoqda. Endi gaz quyish shoxobchasi litsenziya olishi uchun ushbu tizimdan foydalanishi shart etib belgilandi.
Tizimning asosiy vazifalari:
- Gaz quyish jarayonini real vaqtda qayd etish;
- Qo‘lda yuritiladigan hisob-kitoblarni kamaytirish;
- Noqonuniy faoliyatlarni aniqlash;
- Texnik xavfsizlikni ta’minlash;
- Xizmat shaffofligini oshirish.
Mashina AGTKSHga kirishi bilan, uning texnik ko‘rigi amalda ekanligi, balloni ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmagani, yonilg‘i turining mosligi kabi ma’lumotlar avtomatik ravishda tekshiriladi. Agar muammo aniqlansa, operator darhol xabardor qilinadi.
Shu bilan birga, shoxobchadagi har bir kolonka va xodim faoliyati ham UGas orqali nazorat qilinadi. Tizim Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, “Energonazorat”, OneID, “Toshshaxartransxizmat” kabi idoralar bilan to‘liq integratsiya qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!