
Prezidentning Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan yangi Farmoniga asosan, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan olib kiriladigan maishiy havo tozalagichlar bojxona to‘lovidan ozod qilindi. Bu qaror poytaxtda havo sifatining yomonlashuvi ortidan fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan muhim yengillik bo‘ldi.
RM 2.5 zarralarini o‘rganadigan laboratoriya
Hujjatda atmosfera havosining o‘ta xavfli RM 2.5 zarralari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash maqsadida Ekologiya qo‘mitasi huzurida havoni chuqur tahlil qilishga qaratilgan ixtisoslashgan laboratoriya tuzilishi belgilandi. Ushbu laboratoriyaga termo-optik analizator va kvars filtrlar kabi zamonaviy uskunalar eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilinadi.
To‘liq imtiyozlar ro‘yxati
Bojxona imtiyozi faqat maishiy uskunalarga emas, balki ekologik monitoring tizimini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan barcha jihozlarga ham tatbiq etiladi. Ular orasida avtomatlashgan kichik stansiyalar, chiqindilarning avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va mahalliy suv tozalash qurilmalari kabi maxsus uskunalar mavjud.
Importning keskin o‘sishi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda havo tozalagichlarga bo‘lgan talab keskin yuqorilagan. Bojxona statistikasiga ko‘ra, oxirgi 3-yilda bu mahsulotlar importi to‘qqiz baravarga ko‘paygan. 2025-yilning o‘n oyida jami qiymati 1,3 mln dollarlik 18,5 mingdan ortiq havo tozalagich import qilingan. Avvalgi 20 foizlik bojning bekor qilinishi maishiy havo tozalagichlar narxini sezilarli darajada pasaytirishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.