Shveytsariya sudi Gulnora Karimova bilan bog‘liq jinoyat ishini to‘xtatdi

Shveysariya sudi javobgarlikka tortish muddati tugagani hamda ekstraditsiya qilinishi ehtimoli yo'qligi sababli Gulnora Karimova bilan bog'liq jinoyat ishini to'xtatdi. Biroq sud ayblovlarning isbotlangan yoki isbotlanmagani bo'yicha xulosa chiqarmadi va qaror protsessual holatlarga asoslandi.
Shveytsariya sudi Gulnora Karimova bilan bog‘liq jinoyat ishini davom ettirmaslikka qaror qildi. Sud hujjatida javobgarlikka tortish uchun belgilangan muddat tugagani asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, Karimovaning yaqin orada Shveytsariyaga ekstraditsiya qilinishi yoki ozod qilinishi ehtimoli yo‘qligi ham inobatga olingan.
Shunga qaramay, tergov materiallarida tilga olingan Jenevadagi "Lombard Ode" banki javobgarlikdan ozod etilmadi. Bank noqonuniy mablag‘larni yuvishga qarshi yetarli chora ko‘rmagani uchun 3 million Shveytsariya franki miqdorida jarimaga tortildi.
Sud yana 400 million frankdan ziyod aktivlarni musodara qilishni belgiladi. Moliyaviy operatsiyalar bilan ishlagan bankning sobiq hisob-menejeriga 24 oylik shartli qamoq jazosi berildi.
Gulnora Karimova 2005–2013 yillar oralig‘ida pora olganlik va yuzlab million dollar mablag‘ni Shveytsariya banklarida yashirganlikda gumon qilingan edi. Biroq sud bu ayblovlar isbotlangan yoki isbotlanmagani bo‘yicha xulosa chiqarmadi. Qaror ishning mazmuniga emas, protsessual holatlarga asoslangan.































Izohlar 0
…