O‘zbekiston elchixonasi Saudiya Arabistoniga borayotgan fuqarolarni ogohlantirdi

O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi mamlakat fuqarolarini aviqatnovlar jadvalidagi ehtimoliy o‘zgarishlarni hisobga olishga hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mintaqada saqlanib qolayotgan keskinlik va havo qatnovlaridagi davriy o‘zgarishlar xorijga safarlarni rejalashtirishda alohida e’tibor talab etadi. Shu bois fuqarolarga aviareyslar jadvali, parvoz yo‘nalishlari va tranzit qoidalaridagi ehtimoliy o‘zgarishlarni oldindan tekshirish tavsiya qilingan.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistonida ichki vaziyat barqaror bo‘lib, jamoat xavfsizligiga tahdidlar yoki maxsus cheklov choralari qayd etilmagan. Biroq mintaqadagi umumiy vaziyat parvozlar logistikasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jumladan, reyslar kechikishi, yo‘lovchilarning boshqa reysga o‘tkazilishi yoki parvoz yo‘nalishining o‘zgarishi ehtimoli bor.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolariga Saudiya Arabistoni va Yaman o‘rtasidagi chegara hududlariga yaqinlashmaslik, mahalliy hokimiyat organlarining xavfsizlik bo‘yicha ko‘rsatmalariga amal qilish tavsiya etilgan. Harbiy obyektlar va turli hodisalar oqibatlarini tasvirga olmaslik, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik hamda rasmiy axborot manbalaridan foydalanish lozim.
Fuqarolardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni doimo yonida olib yurish va zarurat tug‘ilganda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilish so‘ralgan.































Izohlar 0
…