Toshkent metrosi uchun 70 ta yangi vagon xarid qilinishi mumkin

Toshkent metrosi uchun 70 ta yangi vagon xarid qilinishi mumkin

Toshkent shahar Kengashi metro vagonlari parkini yangilash bo‘yicha 14 ta yangi poyezd tarkibini xarid qilish konsepsiyasini ma’qulladi. Rejaga ko‘ra, har bir poyezd beshta vagondan iborat bo‘ladi. Jami 70 ta vagon sotib olish ko‘zda tutilgan. Hozircha bu faqat konsepsiya bo‘lib, yetkazib beruvchi kompaniya tanlanishi, xarid qiymati va shartlari keyinchalik aniqlanishi kerak.

Hujjatni tayyorlash jarayonida besh va olti vagonli poyezdlarni xarid qilish variantlari ko‘rib chiqilgan. Biroq Chilonzor, O‘zbekiston va Yunusobod yo‘nalishlaridagi stansiyalar platformalarining uzunligi hisobga olinib, besh vagonli tarkib tanlangan.

Ushbu yo‘nalishlar qurilishida platformalar uzunligi taxminan 100 metr qilib belgilangan. Bu esa har biri qariyb 20 metr bo‘lgan beshta standart vagondan iborat poyezdlarni joylashtirish imkonini beradi. Olti vagonli tarkiblar esa eng qisqa platformalarga sig‘maydi. Bunday poyezdlardan foydalanish uchun stansiyalarni qimmatga tushadigan rekonstruksiyadan o‘tkazish talab etiladi.

Yangi vagonlar metro parkini kengaytirish va bir necha o‘n yildan beri ishlatilayotgan eski vagonlarni bosqichma-bosqich almashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Rejaga muvofiq, poyezdlarni yetkazib berish, qabul qilish va foydalanishga topshirish jarayoni 10 oy ichida amalga oshirilishi belgilangan. Loyihaning umumiy investitsiya davri 2026–2027 yillarni qamrab oladi.

Agar zarurat tug‘ilsa, yangi poyezdlar yetkazib berilayotgan davrda ularga xizmat ko‘rsatish uchun depo va texnik xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar