Toshkent metrosida besh vagonli poyezdlar qachondan qatnay boshlaydi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Toshkent shahrida jamoat transportidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida metro poyezdlarini besh vagonli tarkibga o‘tkazish va avtobuslar qatnovini ko‘paytirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.
- Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2026 yil 30 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, 20 noyabrga qadar asosiy metro yo‘nalishlarida poyezdlar tarkibi kengaytiriladi va harakat oralig‘i qisqartiriladi.
Toshkent shahrida jamoat transportidagi tirbandlik va yo‘lovchilar gavjumligini kamaytirish maqsadida yangi choralar belgilandi. Endi metro poyezdlari besh vagonli qilinadi, ayrim avtobus yo‘nalishlarida qatnovlar ko‘paytiriladi, kechki reyslar esa uzaytirilishi mumkin. Bu Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2026 yil 30 oktyabrdagi qarorida belgilangan.
Metro poyezdlari besh vagondan iborat bo‘ladi
Qarorga muvofiq, Toshkent metropoliteni 20 noyabrga qadar «Chilonzor», «O‘zbekiston», «Yunusobod» va yer usti halqa yo‘nalishlarida poyezdlarni besh vagonli tarkibda shakllantirish hamda harakat oralig‘ini qisqartirish choralarini ishlab chiqishi kerak.
Bunda yo‘lovchilar eng ko‘p to‘planadigan vaqtlarga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, ertalab soat 07:30 dan 09:30 gacha, kunduzi 12:00 dan 14:00 gacha va kechqurun 17:00 dan 19:30 gacha bo‘lgan vaqtlar tig‘iz davr sifatida belgilangan.
Avtobuslar oralig‘i 3–5 daqiqagacha qisqartiriladi
Jamoat transportidagi xizmat sifatini oshirish maqsadida avtobuslar qatnovini ham ko‘paytirish rejalashtirilgan. 15 noyabrdan boshlab ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda asosiy yo‘nalishlarga qo‘shimcha avtobuslar chiqarish choralari ishlab chiqiladi.
Natijada ayrim yo‘nalishlarda avtobuslar oralig‘ini 3–5 daqiqagacha kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 20 dekabrga qadar yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan 25 ta yo‘nalishga katta sig‘imli, bo‘g‘inli avtobuslar jalb etilishi tavsiya qilingan. Bunda Uchtepa, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi asosiy yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat beriladi.
20 ta avtobus yo‘nalishida qatnovlar tungi soatlargacha uzaytirilishi mumkin
Qarorda yana bir muhim yangilik — 20 ta avtobus yo‘nalishida harakatni soat 23:00 gacha davom ettirish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Ushbu ro‘yxatga 1-, 14-, 18-, 21-, 24-, 28-, 38-, 44-, 46-, 51-, 58-, 67-, 72-, 85-, 93-, 98-, 115-, 118-, 131- va 147-sonli avtobus yo‘nalishlari kiritilgan.
Mazkur yo‘nalishlarda kechki vaqtda avtobuslar oralig‘i 15–20 daqiqadan oshmasligi, harakat jadvallari esa bekatlar va maxsus raqamli ilovalarda e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Bu imkoniyatni 1 dekabrga qadar o‘rganish topshirilgan.
Avtobus yo‘laklarida nazorat kuchaytiriladi
1 noyabrdan boshlab jamoat transporti uchun ajratilgan «A» yo‘laklarida shaxsiy avtomobillarning qoidabuzarliklariga qarshi nazorat va reydlar kuchaytiriladi.
Shuningdek, 15 dekabrga qadar avtobuslarning old qismiga yo‘l qoidalari buzilishini avtomatik qayd etadigan kameralar o‘rnatish hamda ularni YHXBning yagona axborot bazasiga ulash vazifasi belgilangan.
Haydovchilar zimmasiga nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun pandusni ochib berish majburiyati ham yuklanadi. Bu talabni bajarmagan haydovchilarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilishi mumkin.






























Izohlar 0
…