AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqandga keldi

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqandga keldi

Bugun, 18 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio rafiqasi bilan O‘zbekistonga tashrif buyurdi. U Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan qator uchrashuvlarda ishtirok etadi.

Rubioni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik kutib olgani haqida xabar berilgan.

19 oktyabr kuni Samarqandda C5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari qatnashadi. Rubio, shuningdek, mintaqa davlatlarining yuqori martabali rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Davlat kotibiga 200 nafardan ortiq biznes vakillaridan iborat delegatsiya hamrohlik qilmoqda. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar qatorida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb etish va strategik hamkorlikni kengaytirish bor.

Rubio avvalroq Markaziy Osiyo bilan aloqalarni rivojlantirish AQSH uchun muhimligini ta’kidlagan. Samarqanddagi uchrashuvlarda mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar