Xitoy bosh murabbiyi: "Kuchli raqibga qarshi o‘yin foyda keltiradi. Kuchsiz raqibni yutsangiz, muammolarni bilib bo‘lmaydi"
Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandar Yankovich O‘zbekistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"O‘yindan avval futbolchilarga O‘zbekiston terma jamoasi bizga qaraganda kuchliroq ekanligini va ular bizni jazolash uchun har bir xatomizdan foydalanishi mumkinligini ta’kidlagandim. Yigitlar maydonda mehnat qildi. Shiddatli bahs guvohiga aylandik, ammo xatolarimiz uchun badal to‘ladik. O‘z maydonida mag‘lub bo‘lish qoniqarli natija emas, lekin jismonan kuchliroq raqibga qarshi yuqori saviyada kurasha olish biz uchun juda foydali bo‘ldi.
Yana ta’kidlayman, kuchliroq raqiblarga qarshi o‘ynash biz uchun foyda keltiradi. Agar kuchsizroq raqibga qarshi maydonga tushib, g‘alaba qozonsak, zaif nuqtalarimiz ko‘zga tashlanmaydi va barchasi binoyiday ko‘rinadi. O‘zbekistonga qarshi o‘yin orqali xatolarimizni aniqlab oldik. Jahon chempionati saralash bahslari oldidan bunday xatolarga qayta yo‘l qo‘ymaslik choralarini topishimiz zarur. Bosh murabbiy sifatida barcha mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman", – dedi serbiyalik mutaxassis.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring