Osiyo Kubogidagi startdan so‘ng terma jamoamiz haqida turli fikrlar yangrashda davom etmoqda. Bugun ikkinchi o‘yin va bunda g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi. Ammo g‘alaba uchun avvalgi o‘yinlardagi kamchiliklarni bartaraf etish, o‘zgarishlarga qo‘l urish kerak bo‘ladi. Tajribali mutaxassis va sobiq futbolchi Azamat Abduraimov bu borada vaziyatni tahlil qilib ko‘rdi.
— O‘ylaymanki, Katanes to‘g‘ri xulosa chiqaradi va tayyorgarlik jarayonidagi xatolarni inobatga oladi. Eng yaxshi tayyorgarlikka ega va pozitsiyalarga mos keladigan futbolchilarga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon beradi, degan umiddaman. Deylik Shomurodovning jarohatidan so‘ng markaziy hujumchi pozitsiyasiga futbolchi tayyorlash zarurligi ko‘rinib qoldi. Katanes ilk o‘yinda O‘runovga ishonch bildirdi. Lekin bu uning joyi emasligini hammamiz ko‘rdik. U qanotda o‘ynashga o‘rganib qolgan. Aynan o‘z pozitsiyasida eng yaxshi o‘yinini ko‘rsata oladi.
— Afsuski, murabbiylar shtabi hujumda faqat Eldorga bog‘lanib qolishdi. Avvalgi 2 yil davomida Sergeyev va boshqa hujumchilar terma jamoada yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishmadi. 5-10 daqiqa futbolchiga o‘yin sxemasiga moslashish va o‘zaro tushunib olish uchun yetarli vaqt emas. Buni sobiq hujumchi sifatida aytishim mumkin. Eldor jarohat oldi va bizda "B" reja yo‘qligi oydinlashdi. Bu murabbiylar shtabining kamchiligi. Xuddi shu narsa darvozabon pozitsiyasida ham bor. Bugungi kunda Nesterov yoki Bugalo kabi birinchi raqamli darvozabonlar yo‘q. Katanes boshqa darvozabonlarga o‘zini ko‘rsatishiga imkoniyat bermay, Yusupovga ishondi.
— Suriya bilan birinchi bo‘limdagi o‘yin shuni ko‘rsatdiki, biz bu tarkibdagi futbolchilar bilan raqibning himoyasini yorib o‘ta olmaymiz. Bugun ham shunday manzara guvohiga aylansak kerak. Klubida samarali harakat qilayotgan Igor Sergeyev markaziy hujumchi rolida o‘ynashi kerak. Qanotlarda Fayzullayev va O‘runovni ko‘rishni istardim. Ular nostandart qarorlar orqali raqib himoyasini yorib o‘tishi mumkin bo‘lgan futbolchilardir. Sergeyev esa ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynaydigan "klassik" hujumchi hisoblanadi.
— Qolaversa terma jamoada o‘z ortidan ergashtirishga tayyor bo‘lgan yangi yetakchilar topish kerak. Menimcha, Otabek Shukurov bu vazifani bajarishga allaqachon yetib kelgan. U markazda o‘ynaydi va hujumni o‘zi oxiriga yetkaza oladi. Uzoqdan zarbalar yo‘llashi mumkin. Biz Hindistondan mahorat bobida ustunmiz. Ularni albatta yutishimiz kerak. Yigitlar birlashgan holda o‘zlarining eng yaxshi tomonlarini ko‘rsatishsin. Bu g‘alabani butun O‘zbekiston kutmoqda. Terma jamoamizga omad tilayman.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz