00:06 / 09.09.2024
151

Otabek Shukurovning ketishi foyda keltirdi

Otabek Shukurovning ketishi foyda keltirdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilaridan Otabek Shukurovning professional faoliyatida o‘zgarish bo‘lganidan xabaringiz bor.

28 yoshli futbolchimiz jahon futboli yulduzlari o‘ynayotgan Saudiya Arabistoni professional ligasiga yo‘l oldi. Tajribali yarim himoyachi Turkiyadagi faoliyatini yakunlab, muhitni o‘zgartirishga qaror qildi.

Endilikda Otabekning sobiq klubiga aylangan “Kayserispor” legionerning transferi jamoaga moddiy foyda keltirgani haqida bayonot chiqarib, futbolchimizning keyingi ishlarida muvaffaqiyat yor bo‘lishini tiladi.

- Professional futbolchimiz Otabek Shukurovning transferi bo‘yicha “Al-Fayha” klubi bilan to‘liq kelishuvga erishildi.

Otabek Shukurov jamoamizga o‘tgan mavsum o‘rtasida erkin agent sifatida kelgan edi. Kelishuvga ko‘ra, u “”Al-Fayha”ga o‘tadi va bu transferning badal summasi 400 ming yevroni tashkil qildi.

Bundan tashqari, agar o‘yinchi boshqa klubga ko‘chib o‘tadigan bo‘lsa, klubimiz transfer summasidan 30 foiz ulush oladigan bo‘ldi.

Otabek Shukurovga keyingi faoliyatida omad tilaymiz. Unga ehtirom ko‘rsatgan holda bu xabar jamoatchilik e’tiboriga havola etildi
, - deb bayonot berdi “Kayserispor” klubi Otabek Shukurov transferi haqida.

Otabek Shukurov “Mash’al” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Professional faoliyatini 2015 yilda boshlagan markaziy yarim himoyachi O‘zbekiston Superligasida muborakliklardan tashqari poytaxtning “Bunyodkor” jamoasi sharafini ham himoya qilgan.

2018 yilning yanvarida Otabek Birlashgan Arab Amirliklarining “Sharja” klubiga ko‘chib o‘tdi va ilk bor legioner maqomini oldi. Arab amirliklaridagi to‘rt yillik faoliyatidan keyin mohir futbolchi Yevropaga yo‘l oldi. Hamyurtimiz sharjaliklar safida 122 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘nta gol va sakkizta assist muallifi bo‘ldi.

2022 yilning iyul oyida Turkiya Superligasi vakili “Fotih Karagyumryuk” uni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Otabek taniqli mutaxassis – Andrea Pirlo qo‘l ostida jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biri sifatida to‘p tepdi. Biroq murabbiy o‘zgarishi hamyurtimizning o‘yin amaliyotiga ham ta’sir qildi. Shukurov o‘tgan yilning oxirida jamoasi bilan shartnomani bekor qildi va Osiyo kubogidan keyin joriy yil boshida “Kayserispor”ga o‘tgandi.

Shukurov Turkiyada “Fotih Karagyumryuk” uchun 46 ta o‘yinda bitta gol va ikkita assist qayd etdi. “Kayserispor”da 12 ta bahsda qatnashdi. Otabek umumiy hisobda O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiya chempionatlaridagi klublar miqyosidagi faoliyati davomida jami 272 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z nomiga 20 ta gol va 14 ta assist yozdirib qo‘ygan.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardorlaridan biri bo‘lgan tajribali futbolchi xalqaro maydonda 70 ta bellashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini yetti bor aniq nishonga olgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek Shukurovning ketishi foyda keltirdi