22:56 / 28.03.2025
20 974

Husanov va O‘zbekiston haqidagi “shov-shuvli luqmalar”ga xorijdan munosabat

Husanov va O‘zbekiston haqidagi “shov-shuvli luqmalar”ga xorijdan munosabat
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqishga yaqin turgani, Abduqodir Husanovning dunyoning eng murakkab ligasida amaldagi chempion “Manchester Siti”da o‘ynayotgani eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.

Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajarayotgan Ali Aliyevning o‘zbek futboliga oid fikrlari futbol jamoatchiligining e’tiborini tortib, turli munosabatlarga sabab bo‘lmoqda.

Bu gal O‘zbekiston futbolini yaqindan bilgan rossiyalik skaut va jurnalist Nikolay Yegorichev qozog‘istonlik mutaxassisning iddaolariga munosabat bildirdi.

- Qozog‘iston terma jamoasining yangi murabbiyi juda qiziq odam. Ali Aliyev to‘g‘ri kelib qolgan har qanday vaziyatda O‘zbekiston nomiga “tosh” otadi. Mana, uning ayrim “luqmalari” bilan tanishing.

“Dastan Satpayev Abduqodir Husanovdan kuchli“;

“Husanovni 16 yoshida hech kim tanimas edi. Biz esa, 16 yoshli Satpayevni “Chelsi”ga sotdik”;

“Biz Osiyoda o‘ynasak, jahon chempionatiga chiqamiz. O‘zbekiston terma jamoasi guruhda yaponlar va koreyslar bilan o‘ynaganini biror marotaba ko‘rganim yo‘q”.

Qozog‘istonga mamlakat sifatida yaxshi munosabatdaman, futbol borasida ham shunday. Qozog‘istonda men yaxshi aloqaga ega bo‘lgan hamkasblarim bor. Biroq Alivning gaplari jamoatchilik e’tiborini o‘z muammolaridan chalg‘itishga urinishdek ko‘rinmoqda.

Birgina Satpayev bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Bu yigit kattalar futbolida atigi oltita o‘yin o‘tkazgan xolos. Uni Husanov bilan solishtirib bo‘ladimi? Aslo.

Yaponiya va Janubiy Koreya masalasida shuni aytamanki, O‘zbekiston haqiqatan anchadan beri ular bilan o‘ynamadi. Biroq, Eron (2:2, ikki marta 0:0), Avstraliya (1:1), Meksika (3:3) bilan kuch sinashdi. Bu terma jamoalar jahon chempionatlarida muntazam qatnashib keladi.

Qozog‘iston terma jamoasi hozir bunaqa iddaolar bildirishga emas, balki birinchi navbatda, qayta tiklanishga muhtoj. Lixtenshteyn ustidan qozonilgan g‘alabaga gap yo‘q. Lekin jamoa yaqindagina Luksemburg, Armaniston va Ozarbayjonga yutqazgan edi.

Har doim gapirish ishlashga qaraganda oson bo‘lgan, - deb yozdi Nikolay Yegorichev o‘zining telegramm kanalida.

Eslatib o‘tamiz, mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘zaro yetti marotaba to‘qnash kelgan. Ularning ilk uchrashuvi 1992 yili bo‘lib o‘tgan va unda qozog‘istonlik futbolchilar 1:0 hisobida zafar quchgan.

Keyingi oltita bellashuvdan uchtasida kuchlar teng kelgan va yana uchtasida O‘zbekiston terma jamoasining qo‘li baland kelgan. Natijalar esa, quyidagicha ko‘rinish olgan:

1992 yil. O‘zbekiston – Qozog‘iston 1:1.
1994 yil. O‘zbekiston – Qozog‘iston 1:0.
1997 yil. Qozog‘iston – O‘zbekiston 1:1.
1997 yil. O‘zbekiston – Qozog‘iston 4:0.
2007 yil. Qozog‘iston – O‘zbekiston 1:1.
2022 yil. O‘zbekiston – Qozog‘iston 2:0.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport