date
views 392

Fevzi Davletov "Surxon"ning mag‘lubiyati haqida nimalar dedi?

Fevzi Davletov "Surxon"ning mag‘lubiyati haqida nimalar dedi?
Superliganing 5-turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Surxon" (1:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Fevzi Davletov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Birinchi bo‘limda juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik. "Nasaf" esa xatolarni kechirmaydigan jamoa. Raqib ko‘p vaziyatlarga ega bo‘ldi, ammo Potapov jamoani qutqardi. O‘tkazib yuborgan golimizda, aynan himoyachilar Potapovga yordamga kelishi kerak edi. Tanaffusdan keyin esa o‘zgarishlarga qo‘l urdik. Hujumga o‘tishga harakat qildik, ammo qizil kartochkadan so‘ng agressivroq o‘ynashimiz kerak edi. Ikkita yoki uchta vaziyatlarga ega bo‘ldik, ammo ulardan foydalana olmadik. Ushbu jabhada yaxshiroq ishlashimiz kerak ekan. "Nasaf" juda yaxshi himoyalandi" - deya fikr bildirdi Fevzi Davletov bugungi bahs haqida.

- "Surxon" bugungi o‘yinda o‘z oldiga qanday maqsad qo‘ygan edi?
- Biz har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni ko‘zlaymiz. Bugungi uchrashuv ham bundan istisno emas.

- O‘tgan mavsumda "Surxon" jamoasining hujum chizig‘i ancha yaxshi edi. Joriy mavsumda esa jamoa hujumda muammolarga duch kelayotgandek...
- Ha, bizga agressiya yetishmayapti.

- O‘tgan turda Potapov maydonga qaytdi va "Surxon" g‘alaba qozondi. Bugun esa u jamoani ko‘p marotaba qutqardi. Dastlabki uch turda u nega zaxirada qolib ketdi?
- Artyom yanvar va fevral oylarini jarohat tufayli o‘tkazib yubordi va shu sababli mavsumga to‘liq tayyorgarlik ko‘ra olmadi. Undan oldingi o‘yinlarda esa qanday gollar o‘tkazib yuborganimizni ko‘rdingiz. Yo‘q joydan xatolarga yo‘l qo‘ydik va gollar o‘tkazib yubordik. Bugun Artyom jamoani qutqardi.

- Birinchi bo‘limda jamoangiz chiroyli futbol namoyish etdi, tanaffusdan keyin esa vaqtni cho‘zish va shunga o‘xshash jamoaga yarashmaydigan ishlar kuzatildi. Bunday holatlar ro‘y berishiga bosh murabbiyning ko‘rsatmalari sabab bo‘ldimi?
- Yo‘q, albatta. Bunday holat hissiyotlar sababli.

- Bugungi hakamlikni qanday baholaysiz?
- Hakamlarning qaroriga baho beradigan komissiya bor. Men faqatgina o‘z jamoamning o‘yini haqida gapirishim mumkin.

- Hamidjonovga sariq kartochka ko‘rsatilgan vaziyatda siz futbolchiga tinchlan degandek ko‘rsatma berdingiz. Futbolchi esa sizga nisbatan keskin e’tiroz bildirdi. Shundan so‘ng futbolchi zahiraga olindi. Hamidjonovning reaksiyasini qanday qabul qildingiz?
- Uning o‘tgan mavsumdagi harakatlarini ham ko‘rgan edingiz. Hakam kartochka ko‘rsatmoqda, bunday vaziyatda chetga o‘tish kerak. Qo‘shimcha gap-so‘zning nima keragi bor. U emotsiyalarga berilib ketdi. Ikkinchi sariq kartochkani ishlab olmasligi uchun zahiraga oldik. O‘tgan mavsumda u qizil kartochka olgan edi, esingizda bo‘lsa.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fevzi Davletov "Surxon"ning mag‘lubiyati haqida nimalar dedi?