
Bugun BAA va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi hal qiluvchi bahs oldidan futbol olamining mashhur shaxslaridan biri, 2007 yilgi Osiyo kubogida Iroq terma jamoasi bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan braziliyalik taniqli mutaxassis Jorvan Viyeyra qiziqarli fikrlari bilan bo‘lishdi.
Viyeyra fikriga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining bugungi o‘yindagi imkoniyatlari raqibiga nisbatan biroz yuqori. "Men O‘zbekiston terma jamoasi g‘alaba qozonishiga ishonaman. Bu albatta mening shaxsiy qarashim. Biroq uchrashuv BAA maydonida o‘tayotgani terma jamoa uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkin," – deydi tajribali murabbiy.
Jorvan Viyeyra, shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadzeni yuqori baholadi va uning ijobiy tomonlariga alohida e’tibor qaratdi: "Timur Kapadze juda iqtidorli va tajribali murabbiy bo‘lib shakllandi. U avvalroq O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini bir necha yil davomida boshqargan va bu bilan katta tajriba to‘pladi. Uzoq yillar professional futbolchi sifatida ham terma jamoada o‘ynagan. Shuning uchun uning bugungi murabbiylikdagi eng kuchli jihatlaridan biri kiyinish xonasini va futbolchilarni nazorat qilish qobiliyatidir. Bosh murabbiyning sobiq futbolchi bo‘lishi ushbu jihatda juda katta ahamiyat kasb etadi. Men Kapadze O‘zbekistonni Jahon chempionatiga olib chiqishga munosib nomzod, deb o‘ylayman," – dedi u.
Shu bilan birga, tajribali mutaxassis BAA terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Kosmin Olariuni ham yuqori baholadi. "Albatta BAA terma jamoasining ham murabbiyi o‘zgargani va bu uchrashuv ular uchun juda muhim ekanligi ham tushunarli. Olariu juda tajribali va kuchli murabbiy. U Xitoy va arab mamlakatlarida uzoq muddat faoliyat olib borgan. Unga nisbatan juda katta hurmatim bor. Hozirda BAA terma jamoasining tarkibi biroz kuchaygan, ular bir nechta braziliyalik futbolchilarni milliylashtirib, tarkibni yanada boyitishdi," – deya fikrini yakunladi Jorvan Viyeyra.
Shunday qilib, bugun BAA maydonida kechadigan muhim bellashuv oldidan ikki kuchli murabbiy o‘rtasidagi taktik jang ham kutilmoqda. Timur Kapadzening murabbiylik mahorati hamda Kosmin Olariuning tajribasi o‘zaro to‘qnash keladigan bu bahs muxlislarga ajoyib futbol namoyish etishi shubhasiz.
O‘yin natijasini esa yaqin soatlarda ko‘ramiz. Qaysi jamoa Jahon chempionatiga yo‘l oladi — buning javobi maydonda. Ikkala terma jamoaga ham omad tilaymiz! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar